Sooronbay Jeenbekov mamlakatdagi tartibsizliklar yuzasidan bayonot berdi (video)
Olam
−
06 Oktabr 2020
9549Bugun, 6 oktyabr kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sooronbay Jeenbekov mamlakatda sodir bo‘lgan tartibsizliklar haqida videobayonot berdi.
“Aziz vatandoshlar!
Kecha ba’zi siyosiy kuchlar davlat hokimiyatini noqonuniy ravishda egallab olishga urinishdi.
Saylov natijalarini bahona qilib, ular jamoat tartibini buzdilar. Ular shahar aholisining tinch hayotiga rahna solishdi.
Ular huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga bo‘ysunmadilar, shifokorlarni kaltakladilar va binolarga zarar yetkazdilar.
Men huquqni muhofaza qilish idoralariga bitta fuqaroning hayotiga xavf tug‘dirmaslik uchun o‘t ochmaslik yoki qon to‘kmaslik haqida buyruq berdim.
Hozircha vaziyatning keskinlashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun barcha choralarni ko‘rdik.
Davlatdagi tinchlik, jamiyat barqarorligi har qanday deputatlik mandatidan ham qadrlidir.
Men Markaziy saylov komissiyasiga qonun buzilishlarini sinchkovlik bilan tekshirishni va agar kerak bo‘lsa, saylov natijalarini bekor qilishni taklif qildim.
Siyosiy partiyalar rahbarlarini o‘z tarafdorlarini tinchlantirishga va ularni o‘zlarini jamlangan joylaridan uzoqlashtirishga chaqiraman. Men barcha yurtdoshlarimni tinchlikni saqlashga va provokatsion kuchlarning chaqiriqlariga berilmaslikka chaqiraman. Mamlakatimiz tinchligi va jamiyatimiz xavfsizligi eng muhim narsadir. Men barcha kuchlarni mamlakat taqdirini siyosiy ambitsiyalardan ustun qo‘yishga va huquqiy maydonga qaytishga chaqiraman”, degan Jeenbekov.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 oktyabr kuni Qirg‘izistonda navbatdagi parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Unda ro‘yxatdan o‘tgan 3,5 million saylovchining 1,98 millioni yoki 56,2 foizi qatnashgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, to‘rtta siyosiy partiya 7 foizlik barerdan o‘tib, mamlakatning eng yuqori qonun chiqaruvchi organining yangi tarkibiga kirishi mumkin. Bular “Birlik” (24 foiz), “Makonim Qirg‘iziston” (24 foiz), “Qirg‘iziston” (8 foiz) va “Butun Qirg‘iziston” (7 foiz) partiyalari.
Ovoz berishning rasmiy natijalari byulletenlarni qo‘lda sanab chiqilib, yakuniy bayonnomalar MSKga topshirilgandan keyin 20 kun ichida e’lon qilinadi.
Ammo saylov natijasidan norozi partiyalar tarafdorlari namoyish uyushtirdi. Keyinroq namoyish tartibsizlikka aylanib ketdi. Ular mamlakat parlamenti binosiga bostirib kirishdi.
Bundan tashqari, qamoqdagi sobiq Prezident Almazbek Atamboyev va Bosh vazir Sapar Isakovni ozod qilishdi.
LiveBarchasi