Bishkekda parlament binosi egallandi. Jeenbekov namoyishchilarga yon berishi mumkin
Olam
−
06 Oktabr 2020
15101Avvalroq, Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda mamlakat parlamenti uchun o‘tkazilgan saylovning dastlabki natijasiga qarshi namoyish boshlangani haqida xabar bergan edik. Namoyishchilarning parlament binosi Oq uyga bostirib kirishga urinishi muvaffaqiyatsiz yakunlangandi.
Ammo keyinroq ular parlament va Prezident administratsiyasi joylashgan Oq uyga kirishga muvaffaq bo‘ldi. Shundan so‘ng binoda yong‘in yuz berdi. Namoyishga chiqqan odamlarning talabi bitta – saylov natijasini bekor qilish.
Mamlakat Prezidenti Sooronbay Jeenbekov parlament saylovi natijasi bekor qilinishi mumkin. Bu haqda Prezidentning Matbuot kotibi Tolgonay Stamaliyeva ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Jeenbekov hozir Bishkekda va vaziyatni nazorat qilyapti. U soat 2:00 gacha Jogorku Keneshda siyosiy partiyalar rahbarlari bilan uchrashgan.
“Davlat rahbari ish joyida Jogorku Kenesh binosida soat 2:00 gacha barcha siyosiy kuchlar bilan individual suhbat o‘tkazdi. Prezident norozilik aksiyasi tashkilotchilari aql bilan ish qilishiga ishonmoqda”, degan Stamaliyeva.
Hozirda esa O‘shda Jeenbekovni qo‘llab-quvvatlash aksiyasi boshlangan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, namoyishlarda bir kishi halok bo‘lgan va 13 kishi reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Bundan tashqari, 590 kishi jabrlangan.
Ma’lumot uchun, namoyishchilar parlament binosidan tashqari Qirg‘iziston milliy xavfsizlik qo‘mitasiga bostirib kirib, uyerda saqlanayotgan sobiq Prezident Almasbek Atamboyevni ozod qildi. Bundan tashqari, sobiq Bosh vazir Sapar Isakov ham ozod qilindi.
Eslatib o‘tamiza, 4 oktyabr kuni Qirg‘izistonda navbatdagi parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Unda ro‘yxatdan o‘tgan 3,5 million saylovchining 1,98 millioni yoki 56,2 foizi qatnashgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, to‘rtta siyosiy partiya 7 foizlik barerdan o‘tib, mamlakatning eng yuqori qonun chiqaruvchi organining yangi tarkibiga kirishi mumkin. Bular “Birlik” (24 foiz), “Makonim Qirg‘iziston” (24 foiz), “Qirg‘iziston” (8 foiz) va “Butun Qirg‘iziston” (7 foiz) partiyalari.
Ovoz berishning rasmiy natijalari byulletenlarni qo‘lda sanab chiqilib, yakuniy bayonnomalar MSKga topshirilgandan keyin 20 kun ichida e’lon qilinadi.
LiveBarchasi