Somalidagi portlashda 25 bola halok bo‘ldi
Olam
−
10 iyun 2023
4449Somalining janubida Quyi Shabel provinsiyasidagi portlash oqibatida kamida 27 kishi halok bo‘ldi, 53 kishi yaralandi. Bu haqda kecha, 9 iyun kuni Somali milliy axborot agentligi xabar berdi.
Voqea Koryoley shahri yaqinida sodir bo‘lgan. Mahalliy hukumat matbuot kotibi Abdi Ahmad Alining aytishicha, qurbonlarning kamida 25 nafari 10-15 yoshli bolalar bo‘lgan. Chunki portlash bolalar maydonchasi yaqinida sodir bo‘lgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mahalliy hokimiyat portlashda “Ash-Shabob” terror tashkilotini ayblagan. “Ash-Shabob” jangarilari, o‘z navbatida, Afrika Ittifoqi tinchlikparvar missiyasi askari tomonidan tashlangan qo‘l granatasi portlaganini da’vo qilgan.
Ma’lumot uchun, “Ash-Shabob” 2004 yilda Somalida tuzilgan. 2008 yildan beri u teraktlar uyushtirmoqda. 2010 yilga kelib, u keng hududlarni nazorat qila boshlagan. 2011 yilning yozida guruh hukumat va uning ittifoqchilariga qarshi partizan taktikasiga o‘tgan. 2012 yil fevralida guruh yetakchilaridan biri jangarilar “Al-Qoida” terrorchilik tarmog‘iga qo‘shilganini ma’lum qilgan. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, “Ash-Shabob”ning umumiy soni 10 ming jangarini tashkil etadi.
LiveBarchasi