Soliq organlarining javobgarligi kuchaytiriladi
Jamiyat
−
03 dekabr 2019
5141Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2019 yil 26 noyabrda o‘tkazilgan majlisida yangi tahrirdagi Soliq kodeksi to‘g‘risidagi qonun loyihasi konseptual jihatdan birinchi o‘qishda ma’qullangan edi.
Ayni paytda parlament quyi palatasining barcha qo‘mitalari, siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi yig‘ilishlarida hamda ishchi guruhlarda mazkur qonun loyihasi keng muhokamada moddama-modda ko‘rib chiqilmoqda.
Kodeks loyihasida asosiy e’tibor soliq qonunchiligini maksimal darajada soddalashtirishga, ziddiyatlar va tushunmovchiliklarni bartaraf etishga, insofli soliq to‘lovchilar manfaatlarini ximoya qilishga qaratilgan bo‘lsa, soliq organlarining huquq va majburiyatlari belgilangan holda, ularning javobgarligi ham kuchaytirilmoqda.
Ana shunday muhim o‘zgarishlardan biri bu ortiqcha to‘langan soliq summalarini o‘z vaqtida qaytarilmagani yoki soliq summalari so‘zsiz tartibda asossiz undirilgani uchun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida byudjetdan soliq to‘lovchilarga foiz to‘lash yo‘li bilan soliq organlarining javobgarligini kuchaytirishdir.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, kodeks loyihasida asosiy vositalar ob’ektlari, shu jumladan, ko‘chmas mulk ob’ektlari xarid qilinganda (barpo etilganda) qo‘shimcha qiymat solig‘i (QQS) biryo‘la hisobga olinishini nazarda tutuvchi tartib joriy etilishi bilan soliqni to‘lash tartiblar ham soddalashtirilmoqda. Shuningdek, qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarib berish tizimi tubdan o‘zgartirildi. Ya’ni, batafsil kameral tekshiruv o‘tkazilganidan keyin QQS bo‘yicha “manfiy” qoldiq summasini qaytarish huquqi taqdim etiladi.
Parlament quyi palatasida yangi tahrirdagi Soliq kodeksi to‘g‘risidagi qonun loyihasi yuzasidan deputatlarning muhokamasi qizg‘in davom etmoqda.
LiveBarchasi