Soliq qarzini undirish inspeksiyasi tashkil etiladi
Jamiyat
−
16 yanvar
9624Soliq qo‘mitasi qoshida Soliq qarzini undirish inspeksiyasi tashkil etiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi 2024 yilda makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Bildirilishicha, bu yil iqtisodiy kompleks rahbarlari va barcha davlat korxonalari uchun tannarxni qisqartirish va samaradorlik yili bo‘ladi. Bundan buyon, sanoatda qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari birinchi galda yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan va bozori bor mahsulotlar uchun beriladi.
Yig‘ilishda mas’ullarga 2024 yilda qo‘shilgan qiymatni 45 foizdan oshirish, tannarxni 15 foizga kamaytirish, umuman, sanoatda 7 foiz o‘sishni ta’minlash bo‘yicha korxonabay chora-tadbir tasdiqlab, amalga oshirish topshirilgan.
Shuningdek, yirik tarmoqlarda tannarxni 20 trillion so‘mga, debitor qarzdorlikni 8 trillion so‘mga kamaytirish zarurligi qayd etilgan.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti, Strategik islohotlar agentligiga har oyda kamida 2 tadan tarmoqni tahlil qilib, qanday qilib tannarxni kamaytirish, qo‘shilgan qiymat va mehnat unumdorligini oshirish hamda yangi imkoniyatlarni ishga solish mumkinligini ko‘rsatib berish vazifasi qo‘yildi.
Umuman, joriy yilda iqtisodiyotda samaradorlikni oshirish hisobiga yalpi ichki mahsulotning kamida 6 foiz o‘sishini ta’minlash iqtisodiy kompleks rahbariyatining asosiy vazifasi etib belgilandi.
Yig‘ilishda moliyaviy intizomni kuchaytirib, 2024 yilda byudjet defitsitini 4 foizdan oshirmaslik zarurligi ta’kidlangan.
O‘tgan yili ko‘plab davlat korxonalari dividend va soliq to‘lovlari bo‘yicha byudjetga 8 trillion so‘m tushumni ta’minlay olmagani ko‘rsatib o‘tilib, hududlar rahbarlari ajratilgan byudjet ssudalari qaytarilmayotgani holatlari bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rilishi haqida ogohlantirilgan.
Videoselektorda Sirdaryo va Jizzaxda soliq tushumlari 20 foiz o‘sgan bo‘lsa, Xorazm, Buxoro va Qashqadaryoda bu ko‘rsatkich 7 foizga ham yetmagani tanqid qilingan. Masalan, yuridik shaxs maqomidagi 18 mingta ovqatlanish korxonasidan atigi 2 ming 300 tasi QQS to‘lovchi hisoblanadi. Sababi, ular tovar aylanmasini 1 milliard so‘mdan oshirmaslik uchun bitta oshxonaga 3-4 tadan firma ochib qo‘ygan.
Bunday holatlar bo‘yicha mahalladagi soliqchi, tuman soliq boshliqlari va o‘rinbosarlarining ishi sustligi ko‘rsatib o‘tilgan. Umuman, yig‘ilishda soliq tizimi va soliqchilar faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqish vaqti kelgani ta’kidlangan.
Jumladan, 40 mingta byudjet tashkiloti bilan ishlash vazifasi tumandan Soliq qo‘mitasida yangi tashkil qilinadigan Byudjet tashkilotlari inspeksiyasiga o‘tkaziladi. Ushbu Inspeksiya to‘liq raqamlashgan bo‘ladi va G‘aznachilik elektron tizimiga integratsiya qilinadi.
Shu kabi soliq qarzdorligi bilan ishlash bo‘yicha ham qo‘mita qoshida Soliq qarzini undirish inspeksiyasi tashkil etiladi. Unga Majburiy ijro byurosida mavjud vakolatlar beriladi.
Buning hisobiga, tumanlardagi qo‘shimcha 200 nafar soliqchini "mahallabay" ishlash tizimiga o‘tkazish imkoni bo‘ladi. Respublika soliq tushumining 50 foizini beradigan 80 ta eng yirik korxona va 35 ta tijorat banki bilan ishlaydigan alohida tizim bo‘ladi.
Buning uchun Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha inspeksiya tarkibida yangi tuzilma tashkil qilinib, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan bevosita ishlaydi.
LiveBarchasi