Mirziyoyev Koshta va fon der Lyayen bilan Afg‘oniston masalasini muhokama qildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 3 aprel kuni Samarqand sammiti doirasida mamlakatda tashrif bilan bo‘lib turgan Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Suhbat davomida xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb jihatlari, jumladan, Afg‘onistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ko‘maklashish masalalari yuzasidan ham fikr almashilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot va investitsiya sohalarida yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari atroflicha ko‘rib chiqilgan.

Afg‘onistondagi avvalgi tuzum hokimiyatni saqlab qololmasligiga amin edik – Mirziyoyev north_east

Afg‘onistondagi avvalgi tuzum hokimiyatni saqlab qololmasligiga amin edik – Mirziyoyev

“Turli darajalardagi faol muloqotlar va sermahsul almashinuvlar, amaliy hamkorlikning institutsional mexanizmlari doirasida samarali ishlar olib borilayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolanishga tayyorlanmoqda”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi barqaror ortib bormoqda. Yevropaning yetakchi kompaniyalari ishtirokidagi investitsiya loyihalari portfeli 30 milliard yevrodan ziyodni tashkil etmoqda. O‘zbekiston Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining yirik benefitsiari hisoblanadi, Toshkent shahrida Yevropa investitsiya bankining mintaqaviy vakolatxonasi ochilmoqda.

“EIning bosh institutlari rahbarlari Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar dasturini, shuningdek, Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va sheriklikni mustahkamlash borasidagi siyosatni yuksak baholadilar va qat’iy qo‘llab-quvvatlashlarini bildirdilar”, deyiladi xabarda.

Muzokaralarda asosiy e’tibor innovatsiyalar, "yashil" energetika, tog‘-kon tarmog‘i, qishloq xo‘jaligi, transport, logistika, raqamlashtirish va boshqa yo‘nalishlarda qo‘shma dastur va kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga qaratilgan. Turizm, madaniyat, fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi faol almashinuvlarni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Bo‘lajak "Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi" formatidagi birinchi oliy darajadagi sammit kun tartibidagi masalalar hamda Yevropaning "Global darvoza" strategiyasi doirasida ikki mintaqaning o‘zaro bog‘liqligini kuchaytirish istiqbollari muhokama qilingan.

Ma’lumot uchun, Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi ilk sammit 3-4 aprel kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi. Uchrashuvga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raislik qiladi va unda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston yetakchilari ishtirok etadi. 4-5 aprel kunlari esa “Silk Road Samarkand” kongress markazida birinchi Samarqand iqlim forumi bo‘lib o‘tadi. Forumda Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston rahbarlari, shuningdek, Yevropa Ittifoqi, BMT, xalqaro moliya institutlari va yetakchi ekologiya tashkilotlari vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 2 aprel kuni mazkur sammitda qatnashish uchun Yevropa Kengashi Prezidenti Antoniu Koshta, Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqandga yetib borgandi. Mirziyoyev kecha, 2 aprel kuni kechqurun Yevropa Kengashi raisi Antoniu Koshta bilan, bugun, 3 aprelda esa Ursula fon der Lyayen bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Bugun, 3 aprel kuni esa Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov Samarqandga keldi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Markaziy Osiyo – Evropa Ittifoqi Ursula fon der Lyayen Antoniu Koshta Samarqand sammiti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing