Mirziyoyev Samarqandda YeTTB rahbari bilan uchrashdi
Jamiyat
−
03 aprel
2200O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 3 aprel kuni "Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi" birinchi sammitining ishbilarmonlik dasturi doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso bilan uchrashdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbat davomida O‘zbekistonning ushbu nufuzli xalqaro moliyaviy institut bilan keng ko‘lamli hamkorligini yanada rivojlantirishning amaliy jihatlari atroflicha ko‘rib chiqilgan.
“O‘zbekiston va ETTB o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarida yuksak darajaga erishilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Ustuvor tarmoqlardagi qo‘shma loyihalar portfeli barqaror kengayib bormoqda. Bankning mamlakatimiz iqtisodiyotiga kiritgan jami investitsiyalari 5 milliard yevrodan oshdi, jumladan, o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra qariyb 1 milliard yevroni tashkil etdi. Moliyaviy ko‘makning asosiy hajmi xususiy sektorga to‘g‘ri kelmoqda”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston bo‘yicha o‘rta muddatli Sheriklik strategiyasi samarali amalga oshirilmoqda. ETTB ekspertlari ko‘magida bank sohasini transformatsiya qilish va biznes uchun imkoniyatlarni kengaytirish choralari ko‘rilmoqda.
“Uchrashuvda loyihalarning ijrosi sifatini yaxshilash va samaradorligini oshirish bo‘yicha birgalikdagi ishlar o‘z natijasini berayotgani qayd etildi. Jarayonlarni maqbullashtirish va loyihalarni tayyorlashni tezlashtirish muhimligi ta’kidlandi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish, xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini, shu jumladan ta’lim, suv ta’minoti, maishiy chiqindilarni qayta ishlash kabi muhim yo‘nalishlarda kengaytirish masalalari diqqat markazida bo‘lgan.
"Yashil" iqtisodiyot, uglerod chiqindilarini kamaytirish, raqamlashtirish va sun’iy intellekt, ipoteka bozori, transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish va boshqa sohalardagi dastur va loyihalar hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilangan.
Joriy yil iyun oyida Toshkent xalqaro investitsiya forumi va Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish yuzasidan ham fikr almashilgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 2 aprel kuni kechqurun Shavkat Mirziyoyev Yevropa Kengashi raisi Antoniu Koshta bilan norasmiy uchrashuv o‘tkazgandi. Uchrashuvda ikki tomonlama va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashilgan.