“Soqol bilan kira olmaysiz”. Soqolli erkak Xitoyga kiritilmadi (video)
Olam
−
17:05 1725 2 daqiqa
Qozog‘istonlik sayyohlar Xitoy bilan chegaradagi Xorgos nazorat-o‘tkazish punktidan soqoli borligi uchun o‘tkazilmadi. Erkaklardan soqolini olish talab qilingan. Bu haqda “Ulysmedia.kz” xabar berdi.
Qozog‘istonliklardan biri Samat Avganovning aytishicha, u 2022 yildan beri ish yuzasidan Xitoyga muntazam qatnab keladi, ammo avval bunday talabga duch kelmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning 3 sentyabr kuni odatdagidek Xorgosga borganida undan soqolini olish yoki Qozog‘istonga qaytish talab qilingan. Shu sababli u soqolini olgan.
Yana bir sayyoh Chingiz Xudoyberganovning bildirishicha, bunday tekshiruvlar bir necha kundan beri amal qilmoqda. Uning aytishicha, soqolli erkaklarni politsiya xodimlari kutib olib, ularga ustara bergan. Erkaklar soqolini olmaguncha chegaradan o‘tkazilmagan. Xudoyberganov esa bloger ekanini tushuntirib, soqolining kichik qismini qoldirishga kelishgan. Shuningdek, u ayrim sayyohlarning telefonlari ham tekshirilayotganini aytgan.
Hozircha ochiq manbalarda chet elliklar yoki qozog‘istonliklarni Xitoyga soqol bilan kirishini taqiqlovchi yangi rasmiy qoida haqida ma’lumot berilmagan. Shu sababli, bunday talab Xitoyning barcha chegara punktlarida amal qiladimi yoki aynan Xorgos hududiga taalluqlimi, shuningdek, uning huquqiy asosi nima ekani noma’lum.
Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayonida shu kabi cheklovlar 2017 yilda ham joriy qilingan. O‘sha vaqtda mahalliy hokimiyat “g‘ayritabiiy soqollar”ni ekstremistik mafkurani tarqatish bilan bog‘liq belgilar qatoriga kiritgan. Shuningdek, o‘sha qoidalar yuz va tanani to‘liq yopib turadigan kiyimlar hamda ekstremistik ramzlardan foydalanishni ham cheklagan. Biroq Xorgosda hozir kuzatilayotgan holatlar aynan shu qoidalar bilan bog‘liq ekani hozircha ma’lum emas.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikistonning Panjakent shahrida mahalliy hokimiyat va huquqni muhofaza qiluvchi organlar milliy an’analarga mos kelmaydi deb baholangan kiyimlarga qarshi reydlar o‘tkazayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi