Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov ishdan olindi

Jamiyat

image

Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov lavozimidan ozod qilindi. Bu haqda Rasul Kusherboyev ma’lum qildi.

"Bugun Bosh vazir ishtirokidagi majlisda Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov lavozimidan ozod etilgan.  Manbalarning bildirishicha, Sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi etib Asilbek Xudayarov tayinlangan. Vazirning birinchi o‘rinbosari lavozimiga esa Samarqand tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev tayinlangani ma’lum qilinmoqda", deb yozgan Kusherboyev.

Ma’lumot o‘rnida, Amrillo Inoyatov ushbu lavozimga 2022 yilning dekabr oyida tayinlangan edi.

U 1979 yilda tug‘ilgan. 2001 yil Buxoro davlat tibbiyot institutini, 2005 yilda Toshkent tibbiyot akademiyasida "Bolalar yuz-jag‘ jarrohligi" mutaxassisligi bo‘yicha aspiranturani tamomlagan. 

Mehnat faoliyatini 2001 yilda Buxoro davlat tibbiyot instituti ilmiy-tekshirish laboratoriyasida boshlagan. 2006-2014 yillarda ushbu institutning "Xirurgik stomatologiya" kafedrasi assistenti, mazkur kafedra mudiri, Stomatologiya fakulteti dekani vazifalarida ishlagan. 

2014-2020 yillarda Toshkent davlat stomatologiya instituti Buxoro filialining Stomatologiya fakulteti dekani, ushbu filial direktori, Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

Tibbiyot fanlari doktori, professor Amrillo Inoyatov 2020 yil iyulida O‘zbekiston prezidentining yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan. 

2020 yil 3 noyabrdan to vazir lavozimiga tayinlangunicha u sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari vazifasida ishlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Sog'liqni saqlash

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing