Yaponiyada yuz yoshdan katta aholi soni rekord darajada ko‘paydi
Olam
−
18:42 314 2 daqiqa
Yaponiyada tarixiy rekord qayd etildi: 100 yoshdan oshgan aholi soni ilk bor 100 ming kishidan oshdi. Bu haqda “The Straits Times” xabar berdi.
Yaponiya Sog‘liqni saqlash vazirligi e’lon qilgan yangi hisobotga ko‘ra, mamlakatdagi uzoq umr ko‘ruvchilar soni 107 677 kishiga yetgan. Bu o‘tgan o‘n yilliklarga nisbatan ushbu demografik guruhning sezilarli darajada o‘sganini ko‘rsatadi: bu kabi hisob-kitoblar ilk bor boshlangan 1963 yilda mamlakatda atigi 153 nafar 100 yoshdan oshgan fuqaro yashagan bo‘lsa, 1998 yilda ularning soni 10 mingga yaqinlashgan. Shu bilan birga, ushbu yosh toifasidagi aholining akasariyat qismini – taxminan 88 foizini ayollar tashkil etadi.
Rekord darajadagi ko‘rsatkichlar sifatli sog‘liqni saqlash tizimi, rivojlangan tibbiyot, to‘g‘ri ovqatlanish va faol turmush tarzi evaziga erishilgan Yaponiyaning umr ko‘rish davomiyligi bo‘yicha yetakchiligini yana bir bor namoyish etadi. Hozirda mamlakatdagi eng keksa inson Kiotoda yashovchi 114 yoshli ayol hisoblanadi. Ba’zi keksa yaponlar faol turmush tarzini olib borishda, sport bilan shug‘ullanishda va hatto qishloq xo‘jaligi hamda televideniyeda mehnat qilishda davom etmoqda.
Biroq millatning jadal qarishi davlat moliya tizimiga jiddiy og‘irlik tushirmoqda. Mamlakatning 40 millionga yaqin fuqarosi pensiya to‘lovlarini oladi, tug‘ilish darajasining pasayishi fonida esa yosh mehnatga layoqatli aholi soni muttasil kamayib bormoqda. Ortib borayotgan pensiya va tibbiy xizmat ehtiyojlarini ta’minlash uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi keyingi moliya yili byudjetidan taxminan 33,7 trillion iyena so‘ragan, bu esa umumiy talabnomalar hajmining to‘rtdan bir qismini tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Olimlar Yer aholisini 2 baravar qisqartirishni taklif qilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi