Sobiq vazirni hibsga olish muddati uzaytirildi

Olam

image

Turmush o‘rtog‘i Saltanat Nukenovani o‘ldirganlikda gumonlanayotgan Qozog‘iston sobiq milliy iqtisodiyot vaziri Kuandik Bishimbayevning hibsga olish muddati 2024 yil 9 martgacha uzaytirildi. Bu haqda “Kazinform” xabar berdi. 

“2024 yil 9 yanvarda Ostona shahar ixtisoslashtirilgan tumanlararo tergov sudi gumonlanuvchi Bishimbayevga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini 2024 yil 9 martgacha uzaytirishga ruxsat berdi”, deyiladi Ostona shahar sudi xabarida.

U 2023 yilning noyabrida hibsga olingan edi.

Bishimbayevga nisbatan Jinoyat kodeksining 99-moddasi 2-qismi 5-bandi – “O‘ta shafqatsizlik bilan sodir etilgan qotillik” bo‘yicha ish olib borilmoqda. Ushbu moddada mol-mulki musodara qilingan yoki musodara qilinmagan holda 15 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan.

Avvalroq Nukenovalar oilasi manfaatlarini himoya qilgan advokat Janna O‘razbaxova ayolning o‘ldirilishi bo‘yicha tergov yakunlanganini ma’lum qilgandi.

Saltanat Nukenova Bishimbayevning ikkinchi xotini bo‘lib, 31 yoshda edi. Mutaxassislar marhuma Nukenovaning tanasida pichoq jarohatlari izini topmagan. Taxminlarga ko‘ra, u boshiga to‘mtoq jism bilan berilgan kuchli zarbadan halok bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, 43 yoshli Kuandik Bishimbayev turli vaqtlarda Prezident yordamchisi, Sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari, Savdo va iqtisodiy rivojlanish vaziri o‘rinbosari, “Samruk-Kazina” jamg‘armasi raisi o‘rinbosari, “Bayterek” xoldingi boshqaruvi raisi bo‘lgan.

2016 yilning mayidan dekabrigacha Qozog‘iston Milliy iqtisodiyot vaziri bo‘lgan. 2017 yilning yanvarida u o‘g‘rilikda ayblanib hibsga olingan, 2018 yil mart oyida esa 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Keyinchalik uning jazo muddati ikki baravarga qisqartirilgan va 2019 yilning oktyabrida Bishimbayev ozodlikka chiqqan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning noyabr oyida bir qator qozoq mahalliy OAVlarida Ostona shahridagi restoranlardan birida ayol kaltaklanib, tez yordam kelguniga qadar vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. Keyinchalik ayol sobiq vazir Kuandik Bishimbayevning ikkinchi xotini bo‘lgani va uni Bishimbayev o‘ldirgani aytildi. Shundan so‘ng unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu ishni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev shaxsiy nazoratiga olgan.


Maqola muallifi

Teglar

Saltanat Nukenova Kuandik Bishimbaevn

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing