Sobiq Prezidentning nabirasi xalqaro olimpiada g‘olibi bo‘ldi

Olam

image

Qirg‘iziston Respublikasining sobiq Prezidenti Almazbek Atamboyevning nabirasi Selim World Mathematics Invitation xalqaro olimpiadasida “Iste’dod uchun” medalini oldi. Olimpiadada 20 mingdan ortiq o‘g‘il-qizlar ishtirok etmoqda. Bu haqda sobiq prezidentning o‘g‘li Seyid Atamboyev “Vesti” nashriga bergan intervyusida aytib o‘tgan. 

“Selim oilada to‘ng‘ich o‘g‘il. U har jihatdan bobosiga o‘xshaydi. O‘g‘lim maqsadli, mas’uliyatli va mehnatsevar. U xalqaro va mahalliy olimpiadalarning sovrindori, shuningdek, shaxmat va txekvondo bo‘yicha xalqaro turnirlarning g‘olibidir. U yaqinda medalni qo‘lga kiritdi va biz shaxsan Almazbek Sharshenovich bilan uning g‘alabasini baham ko‘rish imkoniga ega bo‘lmadik. Ammo aminmizki, otam nevaralarining har qanday yutuqlaridan xursand bo‘ladi”, deydi Atamboyevning o‘g‘li. 

Uning qayd etishicha, selim bobosi kabi shaxmatni yaxshi o‘ynaydi. Ushbu oilaviy an’anaga Almazbek Atamboyev asos solgan. 

“Hatto, pandemiya paytida ham biz onlayn shaxmat o‘ynashni davom ettiryapmiz. Bundan tashqari, koronavirusdan oldin biz txekvondo seksiyasiga qatnaganmiz, sport bilan shug‘ullanganmiz, ba’zan esa tog‘larda chang‘i uchganmiz. O‘g‘illarim Selim va Ali o‘qishni juda yaxshi ko‘radi. Biz ular uchun har doim qiziqarli kitoblarni sotib olamiz, shu bilan oilaviy kutubxonamizni to‘ldiramiz”, deydi Seyid Atamboyev. 

Sobiq Prezidentning to‘ng‘ich nabirasi kelajakda iqtisodchi bo‘lmoqchi. Otasi bu haqida gapirarkan, uning matematikaga bo‘lgan qiziqishi kelajakdagi maqsadlarining poydevori ekanini urg‘ulaydi. Shuningdek, Seyid Atamboyev farzandlari bilan ayni damda qamoqda saqlanayotgan otasi Alamazbek Atamboyevga xat yozganini qo‘shimcha qiladi. 

“Bolalar bobosiga iloji boricha tez-tez xat yozishadi va odatda uni bayram bilan tabriklashadi. Nabiralar o‘z maktublarida unga tezda uyga qaytishini tilaydilar, ular juda zerikishdi, chunki uni juda yaxshi ko‘rishadi. Ular Internet maydonidagi so‘nggi voqealarni diqqat bilan kuzatib borishadi, ayniqsa, gap Almazbek Sharshenovich haqida ketganda. U kasal bo‘lganida ular juda xavotirlanishadi”, deydi sobiq Prezidentning o‘g‘li. 

Ma’lumot o‘rnida, 2020 yilning 31 dekabr kuni Qirg‘iziston Respublikasi sobiq Prezidenti Almazbek Atamboyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tergov hibsxonasidan Bishkekdagi 47-sonli axloq tuzatish koloniyasiga o‘tkazildi.

Atamboyev nimada ayblangandi?

2006 yilda “qonundagi o‘g‘ri” Aziz Batukayev Bishkek atrofidagi koloniyalardan birida tartibsizliklar keltirib chiqargani uchun 16 yil 8 oyga ozodlikdan mahrum qilingan. To‘polon paytida deputat Tinishbek Akmatbayev, jazoni ijro etish bosh boshqarmasi boshlig‘i Ikmatulla Polotov va parlamentning ikki a’zosi o‘ldirilgandi.

2013 yilda Batukayev qamoqdan tibbiy komissiya xulosasiga ko‘ra ozod qilingan. Xulosaga ko‘ra, Batukayevga qon saratonining so‘nggi bosqichi tashxisi qo‘yilgan. U qamoqdan chiqish bilan darhol tarixiy Vatani Chechenistonga uchib ketgan. Tez orada tibbiy hujjatlar soxta ekanligi aniq bo‘lgan, ammo Qirg‘iziston hukumati Batukayevni ortga qaytara olmagan.

Batukayevning ozod qilinishi bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi yakunida Atamboyev 11 yillik qamoq jazosini olgandi. Avgust oyida Bishkek shahar sudining hay’ati ushbu hukmni tasdiqladi.

Qayd etilishicha, bu ishda sobiq Prezidentdan tashqari yana uch kishi – shifokor Abduhalim Raimjonov, sobiq bosh prokuror Indira Joldubayeva va Jazoni ijro etish davlat xizmati boshlig‘ining sobiq maslahatchisi Kalibek Kachkinaliyev ishtirok etgan.

Sobiq maslahatchi hibsda saqlangani uchun ikki yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosini olgan. Joldubayeva 5 million som (66,7 ming dollar) jarimaga tortilgan. Shifokor esa jinoyatning muddati o‘tganligi tufayli jazodan qutulib qolgan.

Qirg‘izistonda joriy yilning 4 oktyabr kuni o‘tkazilgan parlament saylovidan keyin boshlangan norozilik namoyishlari vaqtida odamlar Atamboyevni qamoqdan ozod qildi. Ammo u keyinroq Bishkekda namoyish uyushtirishda aylanib, yana hibsga olindi.


Maqola muallifi

Teglar

Almazbek Atamboev

Baholaganlar

151

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing