Sobiq politsiyachi Floydni o‘ldirishda aybdor deb topildi. U 40 yilgacha qamalishi mumkin
Olam
−
21 aprel 2021
4019Afroamerikalik Jorj Floydni o‘ldirishda ayblanayotgan sobiq politsiyachi Derek Shoven barcha moddalarda aybdor deb topildi. Bu haqda CBC tomonidan xabar berilgan.
Shoven ikkinchi va uchinchi darajadagi qotillik, ya’ni qasddan odam o‘ldirish, shuningdek ikkinchi darajada ehtiyotsizlik tufayli Floydning o‘limiga sababchi bo‘lganlikda aybdor deb topilgan. Ushbu jinoyatlarning eng og‘iri ikkinchi darajadagi qotillikdir. Bu uchun eng yuqori jazo 40 yillik qamoq hisoblanadi.
Manbaga ko‘ra, Derek Shoven Minnesota shtatidagi qamoqxonaga ko‘chirilgan. U Ouk-Park-Xayts inshootiga kecha, 20 aprel kuni mahalliy vaqt bilan 16:55 da olib kelingan.
Avvalroq, Derek Shoven sudda guvohlik berishdan bosh tortayotgani haqida xabar bergandik.
Ma’lumot o‘rnida, o‘tgan yil 25 may kuni Minneapolisda 46 yoshli amerikalik Jorj Floyd Shoven tomonidan o‘ldirilgan. Internetda sobiq politsiyachi Floydning bo‘yniga tizzasini bosgan va u nafas ololmayotganini takrorlagan videorolik ko‘plab amerikaliklarning g‘azabiga sabab bo‘lgan. Politsiya shafqatsizligiga qarshi norozilik namoyishlari Minneapolisni, keyin Amerikaning boshqa shaharlarini qamrab olgan va hatto, AQSH tashqarisiga ham tarqalgan. Bir qator shaharlarda norozilik namoyishlari tartibsizliklarga, buzg‘unchilik harakatlariga, do‘konlarni yoqish va talon-toroj qilishga, huquq-tartibot idoralari xodimlari bilan to‘qnashuvlarga olib kelgan.
LiveBarchasi
Dollar kursi biroz pastladi.
04 dekabr