Jorj Floydning o‘limini tasvirga olgan ayol Pulitser mukofotiga sazovor bo‘ldi
Olam
−
12 iyun 2021
9889AQSHda kecha, 11 iyun kuni Pulitser mukofoti sovrindorlari e’lon qilindi. Bu haqda tashkiliy qo‘mita veb-sayti xabar bermoqda.
Ta’kidlanishicha, afroamerikalik Jorj Floydning o‘lim daqiqalarini tasvirga olgan amerikalik Darnella Freziyer maxsus mukofotga sazovor bo‘ldi. Bundan tashqari, Minneapolis shtati gazetasi “Star Tribune” Floydning o‘limi va undan keyingi norozilik namoyishlarini yoritgani uchun “Muhim xabarlar” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi.
“Jamiyatga xizmat” nominatsiyasida mukofot “New York Times” gazetasiga yangi koronavirus pandemiyasiga bag‘ishlangan materiallar yoritgani uchun berildi. Bundan tashqari, NYT mualliflaridan biri Uesli Morris irqiy tengsizlik haqidagi maqolalari uchun “Tanqid” nominatsiyasida mukofotga sazovor bo‘ldi.
Shuningdek, “BuzzFeed”, “Reuters”, “The Boston Globe”, “Tampa Bay Times” va boshqa bir qator nashrlarning jurnalistlari ham mukofotlarga sazovor bo‘lgan.
Ma’lumot o‘rnida, Pulitser mukofoti AQSHning adabiyot, jurnalistika, musiqa va teatr sohasidagi eng obro‘li mukofotlaridan biridir. Unga 1917 yilda asos solingan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil 25 may kuni Minneapolisda 46 yoshli amerikalik Jorj Floyd sobiq politsiyachi tomonidan o‘ldirilgan. Internetda sobiq politsiyachi Floydning bo‘yniga tizzasini bosgan va u nafas ololmayotganini takrorlagan videorolik ko‘plab amerikaliklarning g‘azabiga sabab bo‘lgan. Politsiya shafqatsizligiga qarshi norozilik namoyishlari Minneapolisni, keyin Amerikaning boshqa shaharlarini qamrab olgan va hatto, AQSH tashqarisiga ham tarqalgan. Bir qator shaharlarda norozilik namoyishlari tartibsizliklarga, buzg‘unchilik harakatlariga, do‘konlarni yoqish va talon-toroj qilishga, huquq-tartibot idoralari xodimlari bilan to‘qnashuvlarga olib kelgan.
LiveBarchasi