Afroamerikalik Jorj Floydning yodgorligi qora rangga bo‘yab ketildi 

Olam

image

Afroamerikalik Jorj Floydga atab qurilgan och rangdagi yodgorlik qora rangga bo‘yab ketildi. Bu haqda “NBC News” xabar bergan.  

Yodgorlikning ochilishi joriy yilning 19 iyun — AQSHda qullikni bekor qilish sharafiga milliy bayram tashkil etilgan kuni bo‘lib o‘tgan. Yodgorlik och rangdagi materialdan yasalgan edi. 

Vandalizm izlari kecha, 24 iyun kuni ertalab aniqlangan. Hozirda Nyu-York politsiyasining nafrat jinoyatlariga qarshi tezkor guruhi tergov ishlarini olib bormoqda. Mahalliy aholi va rasmiylar voqeani qattiq qoralagan. 

“Bu sharmandali xatti-harakatlar, nafrat jinoyati ham janob Floyd xotirasiga, ham qora tanlilar jamiyatiga, shuningdek, irqiy adolat va tenglikka erishish yo‘lidagi harakatlarimizga nisbatan butunlay hurmatsizlik”, degan Nyu-York shahar kengashi a’zosi Fara Luis. 

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil 25 may kuni Minneapolisda 46 yoshli amerikalik Jorj Floyd sobiq politsiyachi tomonidan o‘ldirilgan. Internetda sobiq politsiyachi Floydning bo‘yniga tizzasini bosgan va u nafas ololmayotganini takrorlagan videorolik ko‘plab amerikaliklarning g‘azabiga sabab bo‘lgan. Politsiya shafqatsizligiga qarshi norozilik namoyishlari Minneapolisni, keyin Amerikaning boshqa shaharlarini qamrab olgan va hatto, AQSH tashqarisiga ham tarqalgan. Bir qator shaharlarda norozilik namoyishlari tartibsizliklarga, buzg‘unchilik harakatlariga, do‘konlarni yoqish va talon-toroj qilishga, huquq-tartibot idoralari xodimlari bilan to‘qnashuvlarga olib kelgan.


Maqola muallifi

Teglar

Jorj Floyd

Baholaganlar

178

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing