Sobiq bosh vazir siyosatdan kechib, shou-biznesga o‘tyapti

Olam

image

Finlyandiyaning sobiq bosh vaziri Sanna Marin televideniye, kino, media va ko‘ngilochar sohalar uchun iste’dodlarni izlashga ixtisoslashgan Range Media Partners kompaniyasi bilan shartnoma imzoladi. Bu haqda “Politico” xabar berdi.

Bildirilishicha, kompaniya sobiq siyosatchiga “OAV va ko‘ngilochar, jumladan, televideniye, kino, musiqa va brendlar bilan hamkorlikdagi imkoniyatlarni o‘rganishda” yordam beradi. Range Media Partners mijozlari orasida Bredli Kuper, Tom Hardi va Kira Naytli kabi Gollivud yulduzlari ham bor. 

Qayd etish joizki, Finlyandiya parlamenti joriy yilning 12 sentyabr kuni deputat va sobiq bosh vazir Sanna Marinni parlament vakolatlarini amalga oshirishdan ozod qilganini e’lon qildi. Parlament yig‘ilishi bayonnomasiga ko‘ra, Marin 7 sentyabr kuni Buyuk Britaniyaning sobiq Bosh vaziri Toni Bler boshchiligdagi Global o‘zgarishlar institutida strategik maslahatchi lavozimiga o‘tganligi munosabati bilan deputatlikdan ozod qilinishini so‘ragan.

Ma’lumot uchun, Sanna Marin dunyodagi eng yosh yetakchilardan biri bo‘lgan. U 2019 yil oxirida, 34 yoshida lavozimga kirishgach, dunyodagi eng yosh Bosh vazirga aylangan.

Marinning aytishicha, uning oilasi bolaligida juda kambag‘al bo‘lgan va u 20 yoshga to‘lgunga qadar o‘zini ta’minlash uchun univermagda ishlagan. Sanna Marin Finlyandiyadagi bepul ta’limdan foydalanib, ma’muriy fanlar bo‘yicha magistr darajasini olgan. U yoshligidan siyosatga aralashgan va 28 yoshidan boshlab tug‘ilib o‘sgan shahri Tampere shahar kengashiga raislik qilib, malakali rahbar sifatida obro‘ qozongan. Sanna Marin 2015 yilda va 2019 yilda parlamentga saylangan, o‘shanda uning partiyasi saylovda g‘alaba qozongach, u transport va kommunikatsiyalar vaziri bo‘lgan. Oradan olti oy o‘tgach, o‘sha paytdagi partiya raisi Antti Rinne ish tashlashlar ortidan iste’foga chiqishga majbur bo‘lgan va Sotsial-demokratik partiya Marinni Bosh vazir lavozimiga ko‘rsatgan.

Marin tez orada Finlyandiyaning COVID-19 pandemiyasiga qarshi javobini, keyin esa qo‘shni Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi oqibatida yuzaga kelgan Yevropaning energiya inqirozini boshqara boshlagan. Hozirda 37 yoshda bo‘lgan Marin “Vogue” va “Time” jurnallarining muqovalaridan ham joy olgan. U Instagram'da millionlab obunachilarga ega va butun dunyodagi muxlislari tomonidan ilg‘or yetakchilar uchun ming yillik namuna sifatida ko‘riladi.

Ammo Marin o‘z mamlakatida muxolifat tomonidan markaziy koalitsiyaning xarajatlari, OAV tomonidan esa Yevropadagi energiya inqirozi avjiga chiqqan bir paytda inflyuenserlar bilan “shovqinli” bazm o‘tkazgani uchun tanqidga uchragan.

Sanna Marin bosh vazir lavozimini egallaganidan bir yil o‘tib, 2020 yilda turmushga chiqqan. Hozirda uning 5 yashar qizi bor.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning aprel oyida bo‘lib o‘tgan parlament saylovlaridagi mag‘lubiyatdan so‘ng u hukumat rahbari lavozimidan ketgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Finlyandiya Sanna Marin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing