Sobiq birinchi xonim 7 yilga qamaldi

Olam

image

Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti Yun Sok Yolning rafiqasi Kim Gon Xi davlat lavozimlariga tayinlov evaziga pora olganlikda aybdor deb topilib, 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, sud Kim Gon Xi oddiy fuqarolar umri davomida deyarli uchratmaydigan qimmatbaho buyumlarni hech qanday ikkilanishsiz qabul qilganini ma’lum qilgan. Pora sifatida olingan buyumlar orasida Van Cleef & Arpels marjoni, Tiffany broshi, Graff sirg‘alari, Dior sumkasi, qiymati 39 million von (25 ming dollardan ortiq) bo‘lgan Vacheron Constantin qo‘l soati, 140 million vonlik kartina hamda oltin toshbaqa haykalchasi bo‘lgani qayd etilgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, unga pora berganlar orasida kuyovini davlat lavozimiga tayinlatmoqchi bo‘lgan qurilish kompaniyasi egasi, yuqori martabali amaldorlar bilan aloqalarini kengaytirishni istagan pastor, xususiy universitetning sobiq rahbari hamda prezident xavfsizlik xizmatiga mahsulot yetkazib berishni ko‘zlagan kompaniya rahbari bo‘lgan.

Sud Kim Gon Xiga 64,8 million von miqdorida jarima solgan hamda pora sifatida olingan buyumlar topilgan taqdirda ularni musodara qilishga hukm chiqargan.

Kim Gon Xi o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni rad etgan. Uning advokati sud hukmi ustidan apellyatsiya shikoyati berilishini bildirib, sud ayrim dalillarni noto‘g‘ri baholaganini ta’kidlagan.

Avvalroq, sobiq prezident oilasiga oid korrupsiya ishini tergov qilgan maxsus prokuror Min Chjun Gi boshchiligidagi tergov guruhi Kim Gon Xini davlat lavozimlarini qimmatbaho taqinchoqlar va hashamatli sovg‘alar evaziga taqdim etganlikda ayblab, unga 7,5 yil qamoq jazosi tayinlanishini so‘ragan edi.

Sud prokuratura talabini qisman qanoatlantirib, Kim Gon Xiga 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Ushbu ish Janubiy Koreyada sobiq prezident oilasiga nisbatan olib borilgan eng shov-shuvli korrupsiya tergovlaridan biri sifatida baholanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Janubiy Koreyada maxsus maslahat guruhi sobiq prezident Yun Sok Yolga nisbatan davlat to‘ntarishiga urinish ayblovi bo‘yicha apellyatsiya sudida yana o‘lim jazosini tayinlashni so‘ragan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing