MFY raisi soxta imzo bilan qariyb 200 mln so‘mlik kredit rasmiylashtirdi

3-sahifa

image

Qarshi tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘inining sobiq raisi fuqarolarning nomiga ularning roziligisiz salkam 200 million so‘mlik kredit rasmiylashtirib, mablag‘larni o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yubordi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Departamentning Qarshi tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda aniqlanishicha, Qarshi tumani “Yangi Xonobod” MFYning sobiq raisi K.R. va uning o‘g‘li I.N. mahallaga turli masalalar bilan murojaat qilgan 6 nafar fuqaroning pasport ma’lumotlaridan foydalangan. Ular fuqarolarning imzolarini qalbakilashtirib, onlayn savdo do‘konidan kredit evaziga turli maishiy texnikalarni xarid qilgan.

Ma’lum qilinishicha, xarid qilingan texnikalar naqd pulga sotilib, 187,4 million so‘mlik kredit mablag‘lari gumonlanuvchilarning shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuborilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni tayyorlash, qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon va Sirdaryo viloyatlarida hokim yordamchilarining fuqarolarga ajratilgan imtiyozli kredit mablag‘larini o‘zlashtirishi bilan bog‘liq holatlar fosh etilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing