$2000 ga “prava” olib bermoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi
3-sahifa
−
11:14 1391 1 daqiqa
Buxoro viloyatida haydovchilik guvohnomasini olib berishni va’da qilib, fuqarodan 2 000 AQSH dollari talab qilgan shaxs ushlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, tezkor tadbir davomida G‘ijduvon tumanida yashovchi fuqaro 2008 yilda tug‘ilgan qizning ishonchiga kirib, unga avtomaktabda 3 oy tahsil olganligi haqidagi sertifikatni tayyorlab berish hamda “B” toifali haydovchilik guvohnomasini olish imtihonlaridan o‘tkazib yuborishini va’da qilgani aniqlangan. Ushbu “xizmati”ning evaziga u qizdan 2 000 AQSH dollari talab qilgan.
Joriy yilning 8 iyul kuni Buxoro shahridagi oliygohlardan birining 19-20-avtoturargohida o‘tkazilgan tezkor tadbirda gumonlanuvchi talab qilingan mablag‘ning 1 900 AQSH dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 25-moddasi (Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish) orqali 168-moddasi (Firibgarlik) 1-qismi hamda 28-moddasi (Jinoyat ishtirokchilarining turlari) orqali 211-moddasi (Pora berish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyatida haydovchilik guvohnomasini olib berishni va’da qilib, buning evaziga 800 AQSH dollari talab qilgan shaxs qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi