Imzo uchun 14 million so‘m so‘ragan bog‘cha rahbari qo‘lga olindi (video)
3-sahifa
−
12:37 2596 2 daqiqa
Surxondaryoda davlat bog‘chalariga yetkazib berilgan oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha hisobotlarga imzo qo‘yish evaziga 14 million so‘m talab qilgan mansabdor pora olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Surxondaryo viloyati IIBga kelib tushgan murojaatda ayrim shaxslar davlat bog‘chalariga shartnoma asosida yetkazib berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari qabul qilinganini tasdiqlovchi hisobotlarga imzo va muhr qo‘yib berish uchun noqonuniy pul talab qilayotgani bildirilgan.
Joriy yilning 20 iyul kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 1987 yilda Jarqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan shaxs o‘z xizmat mavqeyidan foydalanib, rahbarlik qilib kelayotgan Davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti hamda boshqa bir davlat bog‘chasiga “Toshmurod Oydin” MCHJ tomonidan yetkazib berilishi lozim bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari to‘liq qabul qilinganini tasdiqlovchi hisobotlarga imzo va muhr qo‘yib berish evaziga pora talab qilgani aniqlangan.
U har biri uchun 7 million so‘mdan, jami 14 million so‘m talab qilgan. Gumonlanuvchi ushbu pul mablag‘larini olayotgan vaqtida tezkor tadbir davomida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan gumondor va boshqa shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish) 2-qismi “v” va “g” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida tadbirkordan 360 ming AQSH dollari talab qilgan shaxs qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi