Sobiq amaldor korrupsiya ortidan o‘limga hukm qilindi
Olam
−
10:33 1266 2 daqiqa
Xitoyning Nankin shahri sobiq Xalq vakillari kengashi qo‘mitasi direktori Long Syan bir nechta jinoyatlarda aybdor deb topilib, 2 yilga kechiktirilgan o‘lim jazosiga hukm qilindi. Bu haqda “China Daily” xabar berdi.
Sud qaroriga ko‘ra, Long Syan pora olish, davlat mablag‘larini o‘zlashtirish, mansab vakolatini suiiste’mol qilish va ichki noqonuniy savdo bilan bog‘liq jinoyatlarda aybdor deb topilgan. Shuningdek, Syan umrbod siyosiy huquqlardan mahrum qilingan hamda uning barcha shaxsiy mol-mulki musodara qilinadi.
Qayd etilishicha, Long Syan 2009 yil yanvaridan 2025 yil martigacha turli rahbarlik lavozimlaridan foydalanib, kompaniya va fuqarolarga loyihalar uchun shartnomalar tuzish, mablag‘larni undirish hamda ayrim ishlarni hal etishda noqonuniy yordam ko‘rsatgan.
Buning evaziga u jami 261 million yuandan (qariyb 36,5 million dollar) ortiq pul va mol-mulkni noqonuniy ravishda qabul qilgan.
Bundan tashqari, 2014–2016 yillar oralig‘ida Long Syan boshqa shaxslar bilan til biriktirib, Nankin iqtisodiy va texnologik rivojlanish zonasidan 12 million yuan miqdoridagi moliyaviy ko‘mak mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan olgan.
Sud, shuningdek, u 2009–2016 yillarda jiddiy qonunbuzarliklar bo‘yicha tekshiruv materiallarini ko‘rib chiqish vaqtida ayrim shaxslarni shaxsiy manfaatlari yo‘lida himoya qilgani va bu davlat mulkiga katta zarar yetkazganini aniqlagan.
2017–2018 yillarda esa Long Syan ommaga oshkor qilinmagan ichki ma’lumotlardan foydalanib, tegishli kompaniyalar aksiyalarini oldindan sotib olgan. Ushbu bitimlarning umumiy qiymati 10,05 million yuandan oshgan.
Sud uning jinoyatlari og‘ir bo‘lishiga qaramay, bir qator yengillashtiruvchi holatlarni ham inobatga olgan. Jumladan, Long Syan tergov davomida jinoyatlarini tan olgan, ilgari noma’lum bo‘lgan pora va o‘zlashtirish holatlarining aksariyatini o‘zi ma’lum qilgan, aybiga iqror bo‘lgan hamda noqonuniy daromadlarni qaytarishga harakat qilgan.
Sud ma’lumotiga ko‘ra, pora olish va mablag‘larni o‘zlashtirish orqali qo‘lga kiritilgan noqonuniy pul va mol-mulkning barchasi undirilgan. Long Syan ishi bo‘yicha ochiq sud majlisi joriy yilning 10 aprel kuni bo‘lib o‘tgan.
Eslalib o‘tamiz, avvalroq Germaniyada shifokor 15 nafar bemorini o‘ldirishda aybdor deb topilib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi