Skofild rejalari endi kerak emas. AQSHda mahbuslar ozod qilinadi
Olam
−
23 mart 2020
9076AQSH qamoqxonalarida koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida mahalliy ma’murlar minglab mahbuslarni ozod qilmoqda. Bu haqda kecha, 22 mart kuni "Wall Street Journal" nashri xabar qildi.
Kaliforniya, Texas va yana o‘nta shtatlardagi qamoqxonalar kichik qonunbuzarliklarni sodir etgan, shuningdek, keksa yoki kasal mahbuslarni koronavirus sababli ozod qiladilar. Boshqa mahbuslarni karantin sharoitida saqlash ko‘zda tutilgan.
"Biz qamoqxona eshiklarni lang ochmaymiz. Mahbuslarni erkin ketishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Biz hozircha xavfli bo‘lmagan jinoyatchilarni aniqlayapmiz. Shuningdek, kasallik tarqalish xavfi yuqori bo‘lgan qamoqxonalar ishini qayta ko‘rib chiqyapmiz", deydi Ogayo shtatining sudyasi Brendan Shihan.
Amerikadagi ko‘plab qamoqxonalarda qo‘l berib salomlashish taqiqlangan, mahbuslarning harakati cheklangan. Xodimlar esa qattiq nazoratga olingan. Shunga qaramay, Pensilvaniya, Michigan, Nyu-York, Vashington va Kolumbiya okrugidagi qamoqxona xodimlarida koronavirus aniqlangani aytilmoqda. Xabar qilinishicha, Nyu-Yorkda 30 dan ortiq mahbuslar ushbu kasallikni yuqtirib olishgan.
Jons Xopkins universitetining ma’lum qilishicha, AQSHda tasdiqlangan koronavirus holatlari soni 34 901 taga yetgan. 457 kishi ushbu kasallik sabab vafot etgan. Hozirda AQSH kasallanganlar soni bo‘yicha Xitoy va Italiyadan keyin uchinchi o‘rinda turibdi.
LiveBarchasi