Sizni jurnalistmas, o‘rtakash desam jahlingiz chiqadimi? – Abduqahhorov

Madaniyat-san’at

Ma’lumki, oxirgi 3-4 kun ichida san’atkorlarning xayriya qilishi masalasi ijtimoiy tarmoqlarda dolzarb mavzu bo‘lib turibdi. Avvaliga jurnalist Sherzod Qudratxo‘jayev efir orqali ta’na va dashnomga to‘la maktubni o‘qib eshittirdi. Unda san’atkorlarga otarchi tamg‘asi yopishtirilib, ular xayriya qilmayotganlikda ayblangandi. 

Butun dunyo, jumladan O‘zbekiston xalqi boshiga kelgan og‘ir kunlarda saviyasizlarcha mayda narsalar bilan o‘ralashish, birovning cho‘ntagiga mo‘ralashni ko‘pchilik yoqlamadi. Bu orada “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi san’atkorlar 352 million so‘mlik xayriyani amalga oshirganini aytib chiqdi. O‘tgan vaqt oralig‘ida esa bu xayriyalar 1 milliarddan oshdi.

Qudratxo‘jayev olib borgan ko‘rsatuvda san’atkorlarga nisbatan “otarchi” tamg‘asi ishlatilgan edi. Kecha, 4 aprel kuni “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi direktori Odiljon Abduqahhorov “O‘zbekiston 24” teleradiokanalida chiqish qilib, “otarchi” tamg‘asiga nisbatan keskin munosabat bildirdi. 

“O‘zbekkonsert” davlat muassasasi bu san’atkorlarning litsenziyasini olish yoki jazolash bilan shug‘ullanadigan tashkilot emas. “O‘zbekkonsert” DM bugungi kunda mamlakatimizda konsert faoliyatini muvofiqlashtiruvchi va san’atkorlarning haq-huquqlarini himoya qiluvchi tashkilot. Men buni bejiz aytmayapman. O‘rta Osiyoda faqat O‘zbekistonda san’atkorlarning faoliyati qonuniylashtirilgan bo‘lib, ular san’atkor bo‘lgani uchun litsenziya olib faoliyat yuritadi. O‘zbekistonda otarchi degan tushuncha yo‘q. Ming afsuski, ayrim ziyolilarimiz, taniqli kishilarimiz yoki fan arboblarimiz tomonidan efirda, ijtimoiy tarmoqlarda san’atkorlarga nisbatan otarchi deb munosabat bildirilishi ijtimoiy tarmoqlarda tirnoq ichidan kir qidiradigan ayrim fuqarolarimizga qo‘l kelib, san’atkorlar ustidan turli haqoratlarning ishlatilishi va san’atkorlar orasida norozilik kelib chiqishiga sabab bo‘ldi. Bu holat ularni ranjitdi. 

Oddiy misol, Dilshod aka (efir boshlovchisi Dilshod Nazirovga yuzlanib) siz jurnalistsiz, boshlovchisiz. Men sizni o‘rtakash, desam jahlingiz chiqadimi? Albatta, jahlingiz chiqadi. San’atkor ham bu darajaga chiqish uchun juda ko‘p mashaqqatli yo‘llarni bosib o‘tgan”, deydi Abduqahhorov jiddiy ohangda. 

Qayd etilishicha, Madaniyat vazirligi huzuridagi barcha tashkilotlar xodimlarining bir kunlik ish haqisi va san’atkorlar tomonidan “O‘zbekiston mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondiga 1 milliard 700 million so‘mdan ortiq mablag‘ o‘tkazib berilgan. 

“Bundan 3-4 oy avval ijtimoiy tarmoqlarda tibbiyot xodimlarini kimdir urayotgani yoki haqoratlayotgani videolarini ko‘rayotgandik. Yaratganning inoyati bilan biz tibbiyot xodimlarining yordamiga muhtoj bo‘lib qoldik. Ular bugungi kunimizning qahramonlari. Biz ana shu bo‘layotgan voqealardan ham o‘zimizga to‘g‘ri xulosa chiqarsak yaxshi bo‘lardi. 

Karantin vaqtida ayrim soha vakillari fors major holatida ishlayapti. Lekin san’atkorlarimiz doimiy ravishda fors major holatida yuradi. Ular doimiy ravishda xalqimiz xizmatida bo‘ladi”, deydi “O‘zbekkonsert” direktori. 
 


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekkontsert Odiljon Abduqahhorov Sherzod Qudratxo'jaev

Baholaganlar

1066

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing