Sizdan ugina, bizdan bugina. AQSH Polshaga shart qo‘ydi
Olam
−
07 Oktabr 2023 12599 2 daqiqa
Amerika Qo‘shma Shtatlari Polshaga “Temir gumbaz” havo va raketaga qarshi mudofaa tizimlarini yetkazib berishi evaziga Varshavadan Patriot zenit-raketa komplekslarining bir qismini Ukrainaga berishni talab qilmoqda. Bu haqda “Politico” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, bu sxemaning muallifi AQSH senatori Kris Van Xollen bo‘lishi mumkin. U bu rejani Pentagonda Senatning mablag‘lar bo‘yicha rasmiylari uchun yopiq brifingida muhokama qilgan. Van Xollen Polshani taklif qilingan sxema bo‘yicha istiqbolli hamkor sifatida ko‘rishini aytgan.
"Polsha o‘zining Patriot tizimlarini Ukrainaga joylashtirishi mumkin, biz [AQSH] allaqachon Patriot tizimlarini joylashtirganmiz. Bunday almashish odatiy holdir, chunki hozircha ikkita “Temir gumbaz” batareyasi AQSH qo‘lida qolmoqda", degan Van Xollen.
Manbaga ko‘ra, bunday takliflar Kapitoliy tepaligidagi Kiyevga Amerika byudjetidan katta moliyaviy yordam ko‘rsatish istiqbollari haqidagi pessimizmni aks ettiradi.
Ta’kidlash joizki, oldinroq Polsha Bosh vaziri Mateush Moravetskiy uning mamlakati bundan keyin Ukrainaga qurol bermasligini, chunki u o‘z davlatini qurollantirayotganini aytgan. Keyinchalik, hukumat Krab gaubitsalarini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma hali ham amalda ekaniga aniqlik kiritgan. Polsha Prezidenti Anjey Duda esa Varshava Ukrainani eski harbiy texnika bilan ta’minlashga tayyorligini bildirgan. Biroq u Ukrainaga har qanday yangi texnikalarni berish mumkin emas, deb hisoblaydi.

Ma’lumot uchun, “Temir gumbaz” Isroilning Rafael Advanced Defence Systems kompaniyasi tomonidan AQSH ko‘magida ishlab chiqilgan mudofaa tizimi sanaladi. Isroil undan 2011 yildan beri foydalanib keladi. Ushbu tizim shaharni o‘qqa tutilishdan himoya qiladi. Agar raketa yoki dron aholi punktlari tomon uchmasa, tizim buni e’tiborsiz qoldiradi. “Temir gumbaz”ning harbiy kemalarni himoya qilish uchun mo‘ljallangan versiyasi ham mavjud. Oldinroq Ukraina va AQSH Isroildan Kiyevga “Temir gumbaz” yetkazib berishni so‘ragan, biroq Isroil buni rad etgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning aprel oyida Ukrainaga birinchi Patriot tizimi Germaniya tomonidan yetkazib berilgan edi.
Live
Barchasi