Siz deputat bo‘ling, men cho‘ponlikka ketaman – Qodirovning gaplaridan internet “portladi”
Jamiyat
−
17 fevral 2020
41212Surxondaryoning Oltinsoy tumanida aholi va IIB xodimlari orasida mojaro sodir bo‘lgani, mazkur holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuratura rasmiy bayonot bergani haqida xabar bergan edik.
14 fevral kuni sodir bo‘lgan va butun jamoatchilikning e’tiborini tortgan mazkur masalaga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov ham munosabat bildirdi. Qodirovning kutilgan va kutilmagan bayonoti ayni vaqtda ijtimoiy tarmoqlarni jumbushga keltirib, e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda. Qodirov so‘zi avvalida Oltinsoydagi holat fuqarolar tomonidan amalga oshirilgan jinoyat ekanini urg‘ulaydi:
“Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanida bir guruh fuqarolar tomonidan amalga oshirilgan qo‘pol qonun buzilishi, jamoat tartibiga putur yetkazish harakatlari qonunlarimizga ham, qadriyatlarimizga ham zid bo‘lgan jinoyat sifatida baholanishi kerak. So‘nggi yillarda mamlakatimizda inson manfaatlari ustuvorligi, huquq va erkinliklarini taminlash, turmush sharoitlarini o‘zgartirish maqsadida olib borilayotgan keng qamrovli ishlar aslo mamlakatimizda qonun ustuvorligini taminlashga to‘sqinlik qilmaydi. Zero qonun ustuvor bo‘lgan davlatlardagina halqqa samarali xizmat qilish mumkin”.
Qodirov mazkur holatni izohlarkan, “huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan ushbu jinoyat ochiq tergov qilinishi va aybdorlarga keskin jazo belgilanishi kerak”, deydi.
Ayni vaqtda Alisher Qodirov ijtimoiy tarmoq “qahramon”iga aylangan. Foydalanuvchilardan biri Qodirovning izohiga nisbatan “Sizdan nima kutish mumkin? Xalqni ayblash oson. Haqiqiy deputat saylanmaguncha shu ahvol”, deb fikr bildiradi. Qodirov ushbu mulohazani javobsiz qoldirmay, shunday javob beradi:
“Xalqni ayblash hech kimning qo‘lidan kelmaydi. Xalq ayblaydi. Qozi ham, amaldor ham xalq nomidan ish qiladi. Davlat xizmatchisiga kuch ishlatish mumkinmas. Xalq shunday qonunni ma’qullagan. Men sizni umidvor qilmaganman, mendan hech narsa kutmang. Siz meni saylamagansiz, bundan keyin ham saylamaysiz... saylamasangiz ham mayli. Fikringizdan juda ham ta’sirlanganim yo‘q”.
Yana bir foydalanuvchi Qodirovga qarshi xalqni aybdor qilish eng oson yo‘l ekanini aytadi. Bunga javob janob deputat:
“Oddiy xalq militsiyani urmaydi. Urgan daqiqadan boshlab, u oddiy xalq bo‘lmaydi! Ayblash prokurorning vakolatidagi masala. Men jamoat tartibini buzganlarga keskinroq chora belgilash tarafdoriman!”, deb javob qaytaradi.
Foydalanuvchilardan biri, yoshlar vakili deputatdan yoshlarning umidi va ishonchini so‘ndirmaslikni so‘raydi. Qodirov bu masalaga quyidagicha yondashadi:
“Xalq nomidan to‘rtta beboshning davlatga tosh otishiga “to‘xta” demasak, ertaga nima bo‘ladi. Huquqiy madaniyatni o‘zgartiramiz: noqonuniy qurilish – amnistiya, zo‘ravonlik – ko‘z yum, tovlamachiga o‘z qo‘li bilan pul bergan – davlat hisobidan qaytarib ber, noqonuniy yer o‘zlashtirib ol – hokim aybdor... Biz qachon xalq bo‘lamiz o‘zi?! Qachon davlat bo‘lamiz, bu ketishda?!”
Foydalanuvchilardan biri Qodirovga bundan deputat bo‘lgandan, dalada cho‘ponlik qilgan foydali ekanini uytirishga urinadi. Qodirov esa bunga quyidagicha munosabat bildiradi:
“Cho‘pon bo‘lishning yaxshiroq ekanligi Payg‘ambarimiz (s.a.v.) tomonidan aytib o‘tilgan. Siz deputat bo‘ling, men cho‘ponlikka ketaman”.
Eslatib o‘tamiz, 14 fevral kuni sodir bo‘lgan voqea natijasida IIB xodimi safdor Sh.Mustofoqulovga “Bosh miyaning yopiq shikastlanishi, bosh miya chayqalishi, boshning peshona o‘ng qosh usti, o‘ng yon tomoni ezilgan, yirtilgan jaroxatlari, o‘ng ko‘z qavog‘i yumshoq to‘qimalarning ezilishi va gematomasi, burnining o‘ng tomoni yuz sohasidagi yirtilgan jarohat”, shuningdek profilaktika inspektori yordamchisi A.Jabborovga “Chap yelka o‘mrov akramiyal bo‘g‘imi sohasi yumshoq to‘qimalarining ezilishi” kabi tan jarohatlari yetkazilgan.
Mazkur holat yuzasidan hozirda Oltinsoy tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi