Siyosatchilar kelin-kuyov emas, balki ittifoqchi va raqibdir — Putin
Olam
−
12 iyun 2021
5659Xalqaro maydondagi siyosatchilar bir-birlariga kelin-kuyov emas, balki sherik va raqibdir. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin AQSHning NBC telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Amerika rahbari Jo Bayden bilan bo‘lajak uchrashuv oldidan Vladimir Putin AQSH telekanaliga intervyu berdi. NBC jurnalisti Keyr Simmons yaqinda Bayden tomonidan Putin manziliga aytilgan shov-shuvli so‘zlarini eslab, “Siz qotilmisiz?”, deb savol berdi. Bunga Rossiya rahbari quyidagicha javob qaytardi:
“Biz xalqaro maydondagi hamkasblarimiz bilan bahslashamiz. Biz kelin-kuyov emasmiz, bir-birimizga abadiy sevgi va do‘stlikka qasam ichmaganmiz. Biz sherikmiz va shunga qaramay vaqti kelsa, ba’zi holatda bir-birimiz bilan raqobatlashamiz”.
Joriy yilning mart oyida Amerika rahbari Jo Bayden Putinni “qotil” deb bilishini aytgandi. Rossiya Prezidenti NBC telekanaliga bergan ushbu intervyusida Oq uy rahbarining shov-shuvli so‘zlariga izoh berib, shunday dedi:
“Bundan ayblovlarning o‘ntasini eshitganman. Men o‘z faoliyatim davomida turli xil tomondan bo‘ladigan bunday hujumlarga o‘rganib ketganman. Hech narsa meni ajablantirmaydi”.
Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidenti Jo Bayden joriy yilning mart oyida ABC telekanaliga bergan intervyusida Rossiya Prezidentini “qotil” deb bilishini hamda Putin Amerika saylovlariga aralashgani uchun tovon to‘lashini ta’kidlagan. Baydenning ortidan Litva Prezidenti Gitanas Nauseda ham Vladimir Vladimirovichni “qotil”ga chiqargandi. Kreml esa bundan bayonotlarni juda salbiy baholagan.
Ma’lumot o‘rnida, bir necha kundan keyin, aniqrog‘i 16 iyunda Shveysariyaning Jenevasida Bayden va Putin o‘rtasida yuzma-yuz uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Hozirda ushbu uchrashuvga mezbon davlat tomonidan juda qattiq tayyorgarlik ketmoqda, hatto uchrashuv vaqtida mamlakat havo hududi xavfsizlik nuqtai nazarida parvozlar uchun yopilishi aytilgan.
LiveBarchasi