Siyosat madaniyatga ko‘chdi. Rossiya-Ozarbayjon mojarosi davom etmoqda
Olam
−
16 iyul 15086 2 daqiqa
Rossiyaning Novosibirsk shahridagi “Globus” teatri Ozarbayjon davlat akademik rus drama teatrining ikkita spektaklini bekor qildi. Bu haqda muassasa matbuot xizmati xabar berdi.
“Hurmatli tomoshabinlar! Ozarbayjon davlat akademik rus drama teatrining “Katta sayohatlar” federal dasturi doirasidagi spektakllari bekor qilindi”, deyiladi Novosibirsk teatrining rasmiy portalida.
Novosibirsk aholisiga “Botanik olim janob Jordan va mashhur sehrgar Darvesh Mastalishoh” va “Gamlet” spektakllari mos ravishda 28 va 29 sentyabr kunlari namoyish etilishi kerak edi.
“Minval” nashrining yozishicha, aynan Ozarbayjon madaniyat muassasasi vakillari tashrifini bekor qilishga qaror qilgan.
“Samad Vurg‘un nomidagi Ozarbayjon davlat rus drama teatrining o‘zi Rossiyadagi gastrollarini to‘xtatishga qaror qildi”, deyiladi nashrda.
Hech bir tomon spektakllar bekor qilinishining sababini ochiqlamadi. Qayd etish joiz, 2024 yilda teatrning gastrollari bir vaqtning o‘zida Rossiyaning ikkita shahrida: Novokuznetsk va Kemerovoda muvaffaqiyatli bo‘lib o‘tgan.
Shunga o‘xshash holat 23-26 iyul kunlari Bakuda o‘tkazlishi rejalashtirilgan Dream Fest atrofida ham bor. Avvalroq tadbir tashkilotchilari barcha rossiyalik artistlarni festival dasturidan (Yegor Krid, Stas Pexa, Klava Koka, shuningdek, “Ruki Vverx!” guruhi) chiqarib tashlagan edi. Buning ortidan Rossiya Federatsiyasidan ko‘pchilik sayyohlar Dream Fest- 2025'ga borishdan bosh tortdi. Rossiyaliklar chiptalarini ommaviy ravishda qaytarib berganidan so‘ng, Dream Fest musiqa festivali boshlovchilari Milosh Bikovich va Regina Todorenko o‘rnini mahalliy yulduzlar – prodyuser Husniya Magerramova va teleboshlovchi Murod Dadashov egalladi.
Ommaviy axborot vositalari musiqa ijrochilari Ozarbayjon Madaniyat vazirligining tegishli buyrug‘i bilan festival tarkibidan chetlashtirilgani haqida xabar berdi.
“Ozarbayjon Madaniyat vazirligining 29 iyundagi xabari munosabati bilan tadbir dasturiga o‘zgartirishlar kiritilishi rejalashtirilgan”, deya xabar berdi festival matbuot xizmati.
Eslatib o‘tamiz, iyun oyi oxirida Ozarbayjonda Rossiya davlat va xususiy muassasalari tomonidan rejalashtirilgan barcha madaniy tadbirlar bekor qilingandi. Bu qaror Rossiya huquq-tartibot idoralari tomonidan Yekaterinburgda ozarbayjonlarga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlik harakatlari bilan izohlandi. Bekor qilingan tadbirlarga konsertlar, festivallar, tomoshalar, ko‘rgazmalar va boshqalar kiradi. Madaniyat vazirligining qayd etishicha, fuqarolar oldindan xarid qilingan chiptalarni savdo nuqtalari va onlayn platformalar orqali qaytarishlari mumkin.
Live
Barchasi