Sirdaryoda yangi IES qurilishi boshlandi
Jamiyat
−
25 yanvar 2021
5868Energetika vazirligi va “ACWA Power” kompaniyasi O‘zbekistonning ekologik toza energiya sohasidagi salohiyatini oshirish bo‘yicha asosiy bosqichlardan o‘tmoqda
Sirdaryo viloyatida Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi bilan hamkorlikda quvvati 1500 MVt bo‘lgan issiqlik elektr stansiyasi qurilishi loyihasi boshlandi. Marosimda ikki davlat Hukumatlari vakillari ishtirok etdi.
Shundan so‘ng ikkita ESK va Buxoro va Navoiy viloyatlaridagi shamol elektr stansiyalari bo‘yicha Investitsiyaviy kelishuv imzolandi.
Sirdaryo IES
Quvvati 1500 MVt bo‘lgan Sirdaryo IES qurilishini boshlash marosimi tantanali ruhda o‘tdi. Umumiy qiymati 1,2 milliard dollar bo‘lgan mazkur loyihaning foydali ish koeffitsiyenti qariyb 60 foizni tashkil etadi. Bu esa boshqa elektr stansiyalari bilan taqqoslaganda hozirgi vaqtda elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun iste’mol qilinayotgan tabiiy gaz miqdorini deyarli ikki barobar iqtisod qilish imkonini beradi.
Loyiha real vaqt rejimida havo izolyatsiyasiga ega ochiq taqsimlash qurilmasi orqali O‘zbekistonning milliy energiya tizimiga uzluksiz elektr energiyasi uzatish va kunu-tun elektr energiyasi ishlab chiqarish jarayonini boshqarish uchun dunyo ekspertlari tomonidan loyihalashtirilgan eng zamonaviy konstruksion yechimlar, ekspluatatsiya va nazorat vositalaridan foydalanishni ko‘zda tutadi.
O‘zbekiston Energetika vazirligi va “ACWA Power” kompaniyasi umumiy quvvati 1000 MVt bo‘lgan ikkita shamol elektr stansiyalari bo‘yicha Elektr energiyasini sotib olish bo‘yicha ikkita kelishuvni imzoladi.
O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va "ACWA Power" o‘rtasida ikkita Investitsiyaviy kelishuv imzolandi.
Buxoro viloyati hamda Buxoro va Navoiy viloyatlari chegarasida joylashgan “Bash” va “Jonkeldi” elektr stansiyalarini qurish loyihasining umumiy qiymati qariyb 1,3 milliard dollarni tashkil etadi. Mazkur loyihalarni amalga oshirish uglevodorod chiqindilarini 1,6 million tonnaga qisqartirish imkonini berishi, shu bilan birga 2031 yilga borib energiya quvvatlarining 40 foizini qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tkazish bo‘yicha hukumat tomonidan qo‘yilgan maqsadlarga erishishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, “ACWA Power” kompaniyasi elektr energiyasi va chuchuk suv ishlab chiqarish bo‘yicha uskunalarni ishlab chiqish, moliyalashtirish va ekspluatatsiya qilishga ixtisoslashgan. “ACWA Power” kompaniyasi 2004 yilda Ar-Riyod shahri (Saudiya Arabistoni)da ro‘yxatga olingan va ta’sis etilgan bo‘lib, undagi xodimlar soni qariyb 3 500 nafarni tashkil etadi. Xalqaro hamkorlik esa hozirgi kunda Yaqin Sharq, Afrika, Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyoning 12 ta mamlakatini qamrab olgan.