Sirdaryoda raqqosalar amaldorlarga litsenziyasiz xizmat qilgan — “O‘zbekkonsert”

Jamiyat

image

Sirdaryo tumani hokimligi va tumandagi davlat idoralari mansabdorlarining restoranda raqqosalar bilan dam olgani aks etgan video tarqalishi ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Video tarqalishi ortidan ziyofatda ishtirok etib, raqqosalarga pul qistirgan Sirdaryo tumani hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Nurali Mirzayev va tuman obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Nozim Muratov egallab turgan lavozimidan ozod qilindi.

Sirdaryo viloyati hokimiyatining videolavha yuzasidan qilgan munosabatiga ko‘ra raqsga tushgan yarim-yalang‘och qizlar “Shov balet” raqqosa qizlari bo‘lib ular doimiy ravishda “Yevro Aziya” restoranida faoliyat yuritib kelishgan.

Ammo “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi to‘g‘risidagi nizomining 10-bandida respublika hududida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan konsert zallari, stadionlar, klublar, diskotekalar, restoranlar, kafe-barlarda konsert xizmati ko‘rsatayotgan xonandalar, sozandalar, ovoz operatorlari, didjeylar, boshlovchilar va raqqosalarning litsenziyasiz faoliyat yuritishi taqiqlangan. Shu sababdan QALAMPIR.UZ “Shov balet” raqqosa qizlarining faoliyati qonuniymi yoki yo‘q, degan savolga javob olish uchun “O‘zbekkonsert” davlat muassasasining litsenziyalash bo‘limi  mas’ul xodimi Eshqul Hakimov bilan bog‘landik.

“O‘zbekkonsert” vakili holat yuzasidan munosabat bildirib, “Yevro Aziya” restoranida faoliyat yuritayotgan mazkur guruhning litsenziyasi yo‘qligini ma’lum qildi.

“Biz ushbu holat bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borganimizda Sirdaryo viloyatidagi “Yevro Aziya” restoranida “nomer” ko‘rsatayotgan “Shov balet” raqs guruhini litsenziyasi yo‘qligi aniqlandi. Chunki “O‘zbekkonsert” tomonidan litsenziya berish tartibi mavjud bo‘lib, ushbu tartib bo‘yicha litsenziya oluvchiga bir qancha talablar qo‘yiladi. Masalan, raqs guruhlariga litsenziya berishda ular o‘zlarining raqs repertuarlarini ko‘rsatishi, ushbu raqslar milliy qadriyatlarga mos ravishda bo‘lishi, odob-axloqiy me’yorlardan chetga chiqmasligi, yoshlar ongiga ta’sir qilmasligi lozim bo‘ladi. Muasassa ushbu holatda esa “raqqosa”larning, ya’ni yarim-yalang‘och holda raqsga tushayotgan qizlarni raqqosa ham deb bo‘lmaydi. Bu kabi noqonuniy guruhlarda axloqsiz harakatlar bilan restoran va klublarda raqsga tushayotgan qizlar raqqosa degan nomga dog‘ tushirmoqda. Shuningdek, bunday behayo raqslar bilan odamlardan pul yig‘ishi hech qanday axloq me’yorlariga va mentalitetimizga to‘g‘ri kelmaydi. Bundan tashqari, bunday axloqsiz harakatlar bilan raqsga tushayotgan guruhlarga muassasa tomonidan litsenziya berilmaydi”, deydi Hakimov.

U so‘zida davom etib, “O‘zbekkonsert” davlat muassasi litsenziyasiz faoliyat yuritayotgan guruhlarga chora ko‘rish masalasida vakolatli hisoblanmasligini ta’kidladi. Litsenziyasiz faoliyat yuritayotgan bunday guruhlarga soliq idoralari va ichki ishlar organlari mas’ul hisoblanadi.

“Agar Soliq idoralari tomonidan qaysidir bir guruh yoki xonanda faoliyati tekshirilganda muasassa ushbu guruh yoki xonandaninig litsenziyasi bor-yo‘qligi haqida ma’lumot beradi, xolos. Albatta, shu o‘rinda soliq va ichki ishlar organlaridan bu masala yuzasidan o‘z munosabatlarini kutib qolamiz”, deydi “O‘zbekkonsert” vakili.

Ta’kidlanishicha, “O‘zbekkonsert” davlat muassasi litsenziyasiz faoliyatga chek qo‘yish va ularning oldini olish borasida soliq va ichki ishlar organliri bilan doimiy hamkorlik qilishga tayyor ekanini ta’kidlab shunday dedi:

“Bu haqda bir necha bor hududiy soliq va ichki ishlar organlariga hamkorlik takliflari ham yuborganmiz lekin afsuski hali hamon ushbu taklif javobsiz qolmoqda”.

Ma’lumot uchun, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 165-moddasida faoliyat bilan litsenziyasiz va boshqa ruxsat beruvchi hujjatlarsiz shug‘ullanish uchun javobgarlik belgilangan bo‘lib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — o‘n baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Shu o‘rinda ijtimoiy tarmoqlarda “virus”dek tarqalib ketgan videoga Sirdaryo viloyati hokimligi tomonidan bildirilgan munosabatga to‘xtalsak. Unda hodisa o‘tgan yilning oktyabr oyida ish vaqtidan tashqarida bo‘lgani aytilgandi.

Videolavha qachon, qayerda, qaysi paytda olingani muhim emas, gap rahbarlar va davlat xizmatchilari ishdan keyin ham o‘zlarining xatti-harakatlarini nazorat qilishi kerakligi haqida ketmoqda. Chunki mas’ullarning va davlat xizmatchilarining bunday videolavha yoki audioyozuvlari tarqalishi fuqarolar o‘rtasida amaldorlarga nisbatan ishonchsizlik, ularga nisbatan hurmatning sustlashishiga olib keladi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, davlat xizmatchilari o‘z kasbiy faoliyatini belgilangan prinsiplar asosida amalga oshirishlari lozim bo‘ladi.

Qarorga ko‘ra, davlat xizmatchisining asosiy axloqiy qoidalari quyidagilar:

•    kamtar bo‘lish;
•    qo‘l ostidagilar bilan hushmuomala bo‘lish;
•    odamlarga keng ko‘lamda o‘z foydaliligini namoyon etish uchun hokimiyatga intilish;
•    o‘z xodimlarini boshqaruv faoliyatida qatnashish uchun faol jalb etish; 
•    foydali tanqidni samimiy qabul qilish va jamoat fikrini hurmat qilish;
•    qo‘l ostidagilarga ishongan holda munosabatga moyillik, ularni o‘z hamfikrlari deb bilishdan iborat. 

Darhaqiqat, davlat xizmatchisi tomonidan Odob-axloq qoidalarining buzilishi uni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lishi mumkin. Davlat xizmatchisi tomonidan Odob-axloq qoidalariga rioya etilishi attestatsiyalar o‘tkazishda, yuqori va boshqa lavozimlarga tayinlash uchun kadrlar zaxirasini shakllantirishda hisobga olinadi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekkontsert raqqosa

Baholaganlar

231

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing