Sirdaryoda 10 kun oldin bedarak yo‘qolgan ayolning murdasi kanaldan topildi
3-sahifa
−
23 noyabr 2023 18268 2 daqiqa
Sirdaryo viloyati Guliston shahrida 10 kun oldin bedarak yo‘qolgan ayolning murdasi kanaldan topildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.
Guliston shahrida fuqaro M.N. IIBga ariza bilan murojaat qilib, 1974 yilda tug‘ilgan singlisi A.S. joriy yilning 12 noyabr kuni xonadonidan noma’lum tomonga chiqib ketib, qaytib kelmaganini bildirgan.
Shu yilning 22 noyabr kuni fuqaro Z.X. shahar IIBning navbatchilik qismiga qo‘ng‘iroq qilib, Guliston shahar hududidan oqib o‘tuvchi “Do‘stlik” kanalining 53 kilometridan ayol fuqaroning murdasini ko‘rganini aytgan.
Hodisa sodir bo‘lgan joy protsessual tartibda ko‘zdan kechirilib, tegishli tartibda bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Tekshiruv davomida A.S.ning murdasini tanib olish uchun amakisiga ko‘rsatilganda, amakisi ayolning kiyim-kechaklaridan, qosh-ko‘zlaridan va qorin sohasidagi chandig‘idan tanib olgan.
Bundan tashqari, bedarak yo‘qolgan fuqaro S.A.ning murdasi tashqi tomondan ko‘zdan kechirilganda tan jarohatlari yo‘qligi ma’lum bo‘lgan va mazkur holat yuzasidan sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan.
“Mazkur holat yuzasidan shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda, natijasi haqida qo‘shimcha axborot taqdim qilinadi”, deydi Bosh prokuratura matbuot kotibi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida 51 yoshli erkak va uning 49 yoshli turmush o‘rtog‘i is gazidan zaharlanib vafot etgandi.