Sirdaryoda ham 7 bola “Dok-1 Maks”dan zaharlandi
Salomatlik
−
04 yanvar 2023
7071Sirdaryo viloyatida ham “Dok-1 Maks” siropidan 7 bemor zaharlandi. Ularning 4 nafari sog‘aygan, 3 nafari ayni vaqtda jonlantirish bo‘limida qolmoqda. Bu haqda viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Oltinoy Esonova ma’lum qildi.
“Bolalar shifokori sifatida sirdaryoliklarga murojaat qilmoqchi edim. Barchamizga ma’lumki, bir necha kundan buyon bolalarimiz orasida “Dok-1 Maks” dori vositasini qabul qilgandan so‘ng, nojo‘ya ta’sirlarini ko‘ryapmiz. Bu holat bizning viloyatimizda ham 7 nafar bemorda qayd etilib, bugungi kunda 4 nafari sog‘ayib chiqdi, 3 nafari jonlantirish bo‘limida muolajalarni davom ettirmoqda”, deydi Esonova.
U ota-onalardan ushbu dori vositasini sotib olmaslik, ichirmaslikni so‘ragan. Shuningdek, viloyatda 6 yoshgacha bo‘lgan bolasi bor oilalarga xabarnomalar tarqatilganini aytgan.
“6 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ro‘yxati shakllantirilib, har bir xonadonga xabarnoma tarqatilgan. Agar oxirgi paytlarda “Dok-1 Maks” dorisini qabul qilgan farzandlar bo‘lsa, o‘sha hududda ishlayotgan oilaviy shifokorga murojaat qilish, hech qanday ta’siri ko‘rinmagan holda ham shu dori vositasini iste’mol qilganini ma’lum qilishlarini so‘rab qolamiz”, deydi Esonova.
U, shuningdek, bolalarda xolsizlik, ko‘ngil aynishi, qusish, tana haroratining ko‘tarilishi kuzatilsa shifokorga murojaat qilish zararligini eslatgan.
Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining 2022 yilning 22 dekabrdagi buyrug‘i bilan “Dok-1 Maks” dori vositalarini dorixonalardan qaytarib olish belgilangan edi.
Shuningdek, Samarqandda “Dok-1 Maks” siropini iste’mol qilish oqibatida 18 nafar bolaning vafot etishi ortidan 7 nafar mas’ul xodim lavozimidan ozod etilgani xabar qilingandi.
28 dekabr kuni Qashqadaryoda “Dok-1 Maks” siropini ichib yana bir bola hayotdan ko‘z yumgani e’lon qilindi.
Shundan so‘ng Davlat xavfsizlik xizmatining Tergov boshqarmasi tomonidan “Quramax medikal” MCHJ hamda “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar DXX Tergov hibsxonasiga joylashtirilgandi.
Keyinroq Hindistonning “Marion Biotech Pvt. Ltd” kompaniyasi ushbu dorilarni ishlab chiqarishni to‘xtatgani ma’lum qilindi.
Shuningdek, mazkur komaniya tomonidan ishlab chiqarilgan barcha turdagi dori vositalarining savdosi ham to‘xtatildi.
2023 yil 2 yanvar kuni Farg‘onada 3 yashar bola “Dok-1 Maks” siropini ichishi oqibatida doridan o‘tkir zaharlanish tashxisi bilan davolanayotgani ma’lum qilindi.
LiveBarchasi