Singlimga ikki o‘q uzilgan, ichki a’zolari olib tashlangan – Nodira Qodirovaning akasi
Jamiyat
−
09 Oktabr 2019
50197Joriy yilning 23 sentyabr kuni Turkiyaning Anqara shahrida sobiq general, “Adolat va taraqqiyot” partiyasi deputati Shirin Unalning uyida oqsoch bo‘lib ishlagan o‘zbekistonlik 23 yashar Nodira Qodirovaning vafoti bilan bog‘liq vaziyat kundan-kunga chigallashib boryapti. Nodira Qodirova 25 sentyabr kuni O‘zbekistonga keltirildi va dafn etildi.
Qodirova vafot etgan kuni deputat Shirin Unal uning Turkiyada yashayotgan akasi Muhammadali Qodirovni uyiga chaqirib, singlisi o‘z joniga qasd qilganini aytgan. Shu kunning o‘zida sud-tibbiy ekspertiza ishlari zudlik bilan yakunlanib, jasad O‘zbekistonga olib ketilishiga ruxsat berilgan.
Bugungacha Muhammadali Qodirov singlisining vafoti bo‘yicha hech bir tashkilotga murojaat qilmagan edi. Faqatgina uning vafoti va sud-tibbiy ekspertiza ishlari zudlik bilan yakunlangani shubhali ekanini aytib kelayotgandi.
Qodirovaning janozasidan ikki hafta o‘tib, akasi Muhammadali Qodirov ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaat bilan chiqdi. Uning qayd etishicha, Qodirovaning badanidan aytilganidek bir emas, balki ikkita o‘q izi topilgan. Bundan tashqari, u vahshiylarcha do‘pposlangan. Eng achinarlisi esa, sud-tibbiy ekspertizasini o‘tkazish davomida uning badani ko‘krak qismidan to qorin sohasigacha kesilgan, ichki a’zolari esa olib tashlangan. U o‘z murojaatida shunday deydi:
“Janoza va bo‘lib o‘tgan voqealardan keyin sizga qisqa ma’lumot bersam. Dafn marosimidan avval singlimni yuvintirdilar. O‘sha vaqt ko‘rganlarimga ishongim kelmayapti. Menga faqat o‘z joniga qasd qildi, tanasida bir dona o‘q izi bor deyishgandi. Ammo ular ikkita. Chap ko‘kragining ustida bir o‘q izi bor. Bel qismining orqasi, buyrak sohasiga ham o‘q uzilgan. Umumiy hisobda ikki marta o‘q uzilgan. O‘q otilgan qismlarni esa tikishgan.
Temir yoki to‘pponchaning orqa tarafi bilan urishganmi, bilmadim, ammo singlimning bo‘yin sohasi ensa qismida ham zarba izlari bor edi. Bu vahshiylik. Inson zotiga xos ish emas. Ularni inson deyishga uyalyapman”.
Muhammadali Qodirov mazkur voqealarni siyosatga bog‘lagan. Ma’lumki, Shirin Unal mamlakatdagi eng ko‘zga ko‘ringan deputatlardan biri. U Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an boshchiligidagi “Adolat va taraqqiyot” partiyasidan Anqara deputatliga saylangan. Muhammadali Qodirov o‘z so‘zida davom etarkan, Prezidentga aloqador partiya deputatining uyida shunday hodisalar ro‘y berib turgandan keyin, boshqalardan nima kutish mumkin degan savol ko‘rinishida murojaat etadi.
“Turkiyaning “Adolat va taraqqiyot” partiyasi deputati, iste’fodagi general Shirin Unalning uyida shunday ishlar bo‘lgan bo‘lsa, bir tomondan Turkiyaning yuzi va ko‘zi bo‘lgan bir amaldor bu ishlarga qo‘l urgan bo‘lsa, ortidan ergashgan yoshlar nimalarga qo‘l urishini bilmayman ham”.
Qodirovning navbatdagi gaplari kishini yanada dahshatga soladi. Uning ma’lum qilishicha, jasadning barcha ichki a’zolar sud-tibbiy ekspertizasi davomida olib tashlangan.
“Singlimning chap ko‘zi, qolaversa, tanasining boshqa qismlari ham ko‘kargandi. Ya’ni singlimni vahshiylarcha do‘pposlashgan. Singlimning jasadini ko‘rgan ayollarning aytishicha, uning tanasini bo‘g‘zidan to pastgacha vahshiylarcha yirtishgan. Barcha ichki a’zolarini olib tashlashgan. Singlimning ichi bo‘m bo‘sh edi”, deydi Qodirov.
Joriy yilning 25 sentyabr kuni Nodira Qodirovaning oilasi vakiligi o‘laroq ushbu ishda advokatlik qilish mas’uliyatini Dastlab ayollar va bolalar uyushmasi rahbari Mujde Tozbey Erden o‘z gardaniga olgan edi. Biroq, kuni kecha Mujde Tozbey Erden advokatlikdan iste’fo berganini ma’lum qildi. Bunga Nodira Qodirovaning oila a’zolari bilan fikrlari qarama-qarshi kelganini sabab qilib ko‘rsatdi. Qodirov esa ayni vaqtda boshqa advokat bilan ishlayapti.
“Agar bu videoni ko‘rsangiz, mazkur jinoyat ishini yopib yubormasligingizni iltimos qilaman. Qo‘lingizdan kelganicha yordam bering. Men bilan bog‘liq qanday savollaringiz bo‘lsa, advokatim Birol O‘zturk bilan muloqot qilishingiz mumkin”.
Avvalroq tarqatilgan xabarlarda Muhammadali Qodirov samolyot chiptasi uchun 482 AQSH dollari va jasadni olib ketish uchun 1450 AQSH dollari miqdoridagi pulni deputatning haydovchisidan olganini aytgan edi. Bu orada ishni yopdi-yopdi qilishga urinishlar boshlandi. Shundan keyin, marhumaning akasi singlisining vafoti haqida tilini tiyib yurishi va shikoyat qilmaslik uchun mo‘maygina pul olgani haqida gaplar tarqaldi. Biroq, Muhammadali Qodirov bularni inkor etmoqda.
“Shuni bilingki , deputat Shirin Unal menga pul bergani yo‘q. Matbuotda va videolarda marhumaning oilasi, akasi deputatdan pul olib degan gaplarni o‘qidim. Internetdagi g‘iybatlarga ishonmang. Men hech kimdan pul olganim yo‘q, olmayman ham. Shirin Unalga esa la’natlar bo‘lsin. Hatto, qo‘ng‘iroq qilib ta’ziya bildirmadi, biror ehtiyojingiz bormi deb so‘ramadi. Na oilasi, na o‘zi biz bilan muloqotga chiqdi.
Hamma mening pul olganimni iddao qilyapti. Yetar! Men sizga dunyoning pulini beray, siz menga singlimni qaytarib bering”, deydi Nodira Qodirovaning akasi.
LiveBarchasi