Sidneyda otishma. Bosh vazir qurollarni cheklashni taklif qildi
Olam
−
15 dekabr 2501 2 daqiqa
Avstraliya Bosh vaziri Entoni Albaneze qurol to‘g‘risidagi qonunlarni yanada qat’iylashtirish niyatida ekanini bildirdi. Bu taklif Sidneydagi Bondi plyajida yahudiy jamoasi a’zolariga qarshi sodir etilgan hujumdan so‘ng ilgari surildi. Bu haqda “The Sydney Morning Herald” xabar berdi.
Albanezening aytishicha, qurol qonunchiligiga oid islohotlar masalasi bugun, 15 dekabr kuni shtatlar bosh vazirlari ishtirokida bo‘lib o‘tadigan Milliy vazirlar kabineti yig‘ilishida muhokamaga qo‘yiladi.
Xususan, jismoniy shaxslar egalik qilishi mumkin bo‘lgan qurollar sonini cheklash hamda qurolga berilgan litsenziyalarni vaqti-vaqti bilan qayta tekshirib borish taklif etilmoqda.
“Odamlar vaqt o‘tishi bilan radikallashishi mumkin. Litsenziyalar muddatsiz bo‘lmasligi kerak”, degan vazir.
14 dekabr kuni Sidneydagi mashhur Bondi plyajida sodir bo‘lgan otishma oqibatida kamida 16 kishi halok bo‘lgan. OAV xabariga ko‘ra, yana 38 nafar jabrlanganga shifoxonalarda yordam ko‘rsatilgan. Hodisa yahudiylarning Hanuka bayrami boshlanishiga bag‘ishlangan tadbir vaqtida yuz bergan.
Yangi Janubiy Uels shtati Bosh vaziri Kris Minns otishma “Hanukaning birinchi kunida Sidney yahudiy jamoasiga ataylab qaratilgan”ini aytib, hodisani terrorchilik hujumi, deb atagan.
Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, ikki gumonlanuvchidan biri otib o‘ldirilgan, ikkinchisi esa og‘ir yaralangan holda qo‘lga olingan. Otishmachilardan biri voqea joyidagi musulmon fuqaro tomonidan quroli tortib olingan holdaa zararsizlantirilgan. Bu jasorati uchun uni Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham maqtagan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, hujumni amalga oshirgan shaxslar ota va o‘g‘il bo‘lgan. Politsiya 50 yoshli otaning olti dona o‘qotar qurolga egalik qilish uchun rasmiy litsenziyasi bo‘lganini tasdiqlagan. 15 dekabr kuni 24 yoshli o‘g‘il shifoxonada og‘ir ahvolda qolayotgani ma’lum qilingan.
Bu yil yahudiylarning Hanuka bayrami 14 dekabrdan 22 dekabrgacha davom etadi.
Live
Barchasi