Si Szinpinning Rossiyaga tashrifi dunyoda yadro urushi xavfini kamaytirdi – Borrel
Olam
−
25 mart 2023
8519Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin 20-22 mart kunlari Rossiyaga tashrif buyurib, Vladimir Putin bilan uchrashgani haqida xabar berilgandi. Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel ushbu tashrif yadro urushi xavfini kamaytirganini ta’kidladi. Bu haqda "Financial Times" xabar berdi.
Borrelning aytishicha, Xitoy rahbari safari chog‘ida Putinga yadro qurollarini joylashtirmasligi kerakligini "juda aniq" aytgan. Shuningdek, u Xitoyning 12 banddan iborat Ukraina tinchlik rejasiga ishora qilib, yadro urushini qoralagan.
AQSH Pekin o‘z ittifoqchisiga qurol yuborishni reja qilayotgani haqida ogohlantirganiga qaramay, Borrel bunga hech qanday dalil yo‘qligini va ular "qizil chiziqni kesib o‘tmagani"ni ta’kidladi. Biroq, Yevropa Ittifoqi rasmiysi Xitoyni Hindiston kabi "vaziyatdan foydalanib qolayotganlikda" aybladi. Boisi, Xitoy sanksiyalar ostidagi Rossiya neftini arzon narxda sotib olib, unga iqtisodiy yordam taklif qilmoqda.
Borrel yaqin orada Xitoyga borishini ham qo‘shimcha qilgan. Kelgusi hafta Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches va undan bir hafta keyin Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ham Xitoyga safar qiladi. Shuningdek, Makronga Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen ham hamrohlik qilishi kutilmoqda. Ta’kidlash joizki, o‘tgan yilning dekabr oyida Germaniya kansleri Olaf Sholsning Xitoyga tashrifi ko‘pchilik tomonidan tanqid qilingan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi Xitoy rahbarini Putin va Zelenskiy bilan gaplashishga undamoqda.
Nodirjon Madaminov
LiveBarchasi