Shveysariya “Golodomor”ni genotsid deb tan oldi

Olam

image
Golodomor – ukrainaliklarni qirish operatsiyasi north_east

Golodomor – ukrainaliklarni qirish operatsiyasi

Shveysariya Federal Assambleyasining quyi palatasi kecha, 24 sentyabr kuni “Golodomor”ni genotsid akti deb tan oldi. Bu haqda mamlakat parlamenti matbuot xizmati xabar berdi.

Milliy kengashning jonli efir orqali uzatilgan majlisida 123 deputat operatsiyaning genotsid sifatida tan olinishini yoqlab, 58 nafari esa qarshi ovoz berdi. 7 ovoz betaraf qoldi.

Ukraina tilida “ochlikdan o‘ldirish” degan ma’noni anglatuvchi “Golodomor” atamasi 1930 yillarda Sovet Ittifoqi davrida Ukraina Sovet Sotsialistik Respublikasida odamlarning ochlikdan o‘lishini anglatadi.

Ukraina SSRda “Golodomor” ocharchilik qurboni bo‘lgan taxminan 3-7 million kishi qayd etilgan. 1991 yilda mustaqillikka erishganidan beri Ukraina “Golodomor”ni genotsid sifatida xalqaro miqyosda tan olishga intilmoqda.

Shveysariya parlamentidagi deklaratsiya Milliy kengashning Tashqi ishlar qo‘mitasi tomonidan so‘ralgan va shakllantirilgan.

“Milliy kengash keng ko‘lamli operatsiyani ochlikka olib keladigan hamda milliy, etnik, irqiy yoki diniy guruhni to‘liq yoki qisman yo‘q qilish maqsadida sodir etilgan genotsid akti deb tan oladi”, deya yozadi Milliy kengash o‘z saytida.

Qarorga ko‘ra, “Golodomor” oqibatida to‘rt millionga yaqin ukrainaliklar, 2 millionga yaqin qozoqlar va bir necha yuz ming ruslar ochlik qurboni bo‘lgani tan olingan.

“Rezolyutsiya hozirda Shveysariya Tashqi ishlar vazirligining diplomatik tarmog‘i orqali tarqatilmoqda”, deyilgan xabarda.

2007 yilda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi e’lon qilgan bayonotda Moskva “Golodomor”ning genotsid deb atalishini “tarixni bir tomonlama buzib ko‘rsatish” deb ta’riflagan.

“O‘sha yillardagi fojiali voqealarning Ukraina xalqiga qarshi genotsid, deb e’lon qilinishi tarixni zamonaviy siyosiy va mafkuraviy ko‘rsatmalar foydasiga bir tomonlama buzib ko‘rsatishdir”, deya keltirilgan bayonotda.

Shveysariyaning hozirgi qaroriga Kiyev munosabat bildirdi. 

“Bu haqiqatan ham tarixiy qaror va bu tarixiy adolatni tiklash va millionlab begunoh qurbonlar xotirasini saqlab qolish yo‘lidagi o‘ta muhim qadamdir”, dedi Oliy Rada raisi Ruslan Stefanchuk.


Maqola muallifi

Teglar

genotsid Shveytsariya Golodomor

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing