Shveysariyadagi bank Gulnora Karimova ishi bo‘yicha pul yuvishda ayblandi
Olam
−
29 noyabr 2024
8217Shveysariya federal prokuraturasi Lombard Odier xususiy bankiga Gulnora Karimovaning ishida og‘irlashtiruvchi holatlar bilan bog‘liq pul yuvish ayblovini qo‘ydi. Bu haqda “Financial Times” nashri xabar berdi.
Prokuror ayblovlariga ko‘ra, Shveysariyaning eng nufuzli moliyaviy institutlaridan biri bo‘lgan Lombard Odier yillar davomida “hal qiluvchi rol” o‘ynab, Gulnora Karimovaning jinoyatlarini yashirishga yordam bergan va katta miqdorda pul yuvgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, pul mablag‘lari Lombard Odier bankida ochilgan to‘qqizta hisob raqami orqali qoidalarga zid ravishda o‘tkazilgan.
Shuningdek, Shveysariya prokuraturasi bankning sobiq xodimlaridan biriga ham ayblovlar qo‘ygan. Uning bankka ishga kirishidan oldinroq Karimovaning qo‘lida ishlagani aytilmoqda.
Bank esa barcha ayblovlarni rad etib, ularni “asossiz” deb atagan. Bank munosabatiga ko‘ra, sobiq mijozi haqida o‘n yildan ko‘proq vaqt oldin Shveysariyaning pul yuvishga qarshi kurash idoralariga mustaqil ravishda xabar berganidan keyin tergov boshlangan.
“Bankka nisbatan ayblovlar asossiz va bank o‘zini himoya qilishni rejalashtirmoqda. Jarayon 2012 yildan beri davom etmoqda va bank har doim tegishli organlar bilan to‘liq hamkorlik qilib kelgan”, deyiladi bayonotda.
Ma’lumot uchun, 2023 yilning sentyabrida Shveysariya Bosh prokuraturasi Gulnora Karimovaga jinoiy tashkilotda ishtirok etish va pul yuvish bo‘yicha ayblovlar e’lon qilgan. Xususan, Karimova O‘zbekistonda manfaatli shartnomalar tuzishdan umidvor xalqaro kompaniyalardan doimiy ravishda pora olib, milliardlab pullarni o‘zlashtirganlikda ayblangan.
2022 yil avgust oyida O‘zbekiston Adliya vazirligi va Shveysariya hukumati Gulnora Karimovaning 131 million dollar miqdoridagi aktivlarini O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha yakuniy kelishuvni imzolagan. Mazkur mablag‘lar BMT tizimiga tegishli bo‘lgan Uzbekistan Vision 2030 ko‘p tomonlama ishonch jamg‘armasi orqali qaytarilmoqda. Ushbu mablag‘lar hisobidan loyihalarni BMTning tegishli agentliklari O‘zbekiston tomoni bilan hamkorlikda amalga oshiradi.
Shuningdek, O‘zbekiston Adliya vazirligi yana Shveysariyadan 350 million dollar va Belgiyadan 240 million dollar miqdoridagi aktivlarni qaytarib olishga umid qilayotganini ma’lum qilgan.
Gulnora Karimova 2015 yilning avgust oyida O‘zbekistonda tovlamachilik va soliqlardan bo‘yin tovlash ayblovlari bilan sudlangan. 2017 yilning 18 dekabrida unga yangi jinoyat ishi doirasida 10 yillik qamoq jazosi tayinlangan. 2020 yil 18 martda yana bir jinoyat ishi doirasida uning qamoq muddati 13 yil 4 oygacha uzaytirilgan.
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi va Adliya vazirligi AQSH, Shveysariya, Fransiya, Rossiya va Latviya kabi davlatlar bilan birgalikda Karimovaning umumiy miqdori 1,3 milliard dollardan ortiq daromadlarini qaytarish bo‘yicha ish olib bormoqda. Ushbu davlatlarda ham Karimova aktivlari bilan bog‘liq jinoyat ishlari davom etmoqda.
Shuningdek, 2020 yilning yanvarida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Shveysariyadan 70 ta san’at asarini qaytarib olish niyatini bildirgan. Shu yilning may oyida Adliya vazirligi mamlakatning Fransiyadan 10 million dollarlik aktivlarni qaytarib olganini e’lon qilgan.
LiveBarchasi
Samarqand shahrida metro quriladi.
14 yanvar
Dollar kursi pastladi.
14 yanvar