Golodomor – ukrainaliklarni qirish operatsiyasi
Olam
−
31 avgust
162622014 yilda Qrim anneksiyasi, shu yili Donbassdagi Donetsk va Lugansk viloyatlarini ayirmachilik harakatlari orqali ajratib olish, 2022 yilda keng ko‘lamdagi bosqin va Buchadagi qirg‘in, o‘tgan ikki yarim yil ichida mamlakatning katta qismini vayron qilish va yana bir qator urush jinoyatlari. Bu ortda qolgan 10 yil ichida Rossiya tomonidan Ukrainaga qilingan zo‘ravonliklarning qisqa jadvali. Ammo mazkur bosqinlar va zo‘ravonliklar o‘tmishda rasmiy Moskva tomonidan ukrainaliklarga qilingan zug‘umlarning dengizdan bir tomchisi, xolos. Sizni ishontirib ayta olamanki, tarix uchun bu kabi voqealar bundan 90-100 yillar oldin Moskvadagi qotil rahbarlar tomonidan ukrain xalqiga qilingan shafqatsiz va g‘ayriinsoniy harakatlar oldida hech narsa emas. Ukrainaning Rossiyadagi siyosiy doiralar tomonidan azoblanishi 10 yoki 20 yillik jarayon emas. Bunday zo‘ravonlik naqd 1 asrni o‘z ichiga oladi va bu Stalindan Putingacha bo‘lgan uzundan uzoq tarixdir. Bugun shu tarixning eng qo‘rqinchli va qabul qilib bo‘lmas g‘ayriinsoniy yillariga sayohat qilamiz. Gap 1930 yillarning boshida zolim Iosif Stalinning alam ustidagi siyosati oqibatida ochlik tufayli qirilib ketgan, aniqrog‘i qirib tashlangan 4 milliondan ortiq ukrainaliklar haqida ketyapti.
Ogohlantiruvchi qo‘ng‘iroq
Bundan 100 yilcha muqaddam, 1918-1922 yillar oralig‘ida bolsheviklar Romanovlarni hokimiyatdan qulatib mustamlakachi davlat tepasiga keladi va o‘z qo‘l ostidagi o‘lkalarda, jumladan O‘rta Osiyo, Kavkazorti va Sharqiy Yevropada iqtisodni boshqarishning yangi uslubini joriy qiladi. Harbiy kommunizm deb nomlangan bu usulda mamlakatdagi iqtisodiy muhit 1000 yil ortga, g‘irt o‘rta asrlardagi shaklga qaytariladi. Pul-tovar munosabatlari tugatiladi, ish haqi oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘lanadi. Eng achinarlisi esa barcha o‘lkalarda sanoat milliylashtiriladi, xususiy mulkchilik tugatiladi va yetmaganidek dehqonlardan o‘zlari yetishtirgan ortiqcha oziq-ovqat mahsulotlari tortib olinadi. Davr talabiga mutlaqo zid bo‘lgan iqtisodiy o‘zgarishlar bir kun kelib, albatta, o‘zining salbiy reaksiyasini berishi kutilgandi. Bu esa o‘zini uzoq kuttirmadi. Dehqonlarning o‘z ehtiyojidan ortiqcha mahsulotlarini tortib olinishi bunda hal qiluvchi rol o‘ynadi. Hosilni oshirib, o‘zidan ortgan mahsulotni bozorga olib chiqib sotishdan mahrum qilingan mehnatkashlarning endi jonini jabborga berib, ter to‘kishidan mani qolmagandi. Bu esa tez orada hosilning keskin kamayishiga va mamlakatda oziq-ovqat tanqisligining vujudga kelishiga sabab bo‘ladi.
1921 yilda bolsheviklar qo‘l ostidagi mamlakat o‘ta chuqur iqtisodiy inqirozga sho‘ng‘iydi. Shu yili yuz bergan qurg‘oqchilik esa dahshatli ocharchilikning start olishida so‘ngi tepki vazifasini o‘taydi. Ukraina, Kuban va Volgabo‘yi atroflarida ozuqa tanqisligi juda xunuk oqibatlarga olib keladi. Mazkur hududlarda ocharchilik avj olib, bu jarayon sovetlarga qarshi bir qancha yirik qo‘zg‘olonlarni keltirib chiqaradi. “Dohiy” Leninning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy masalada tutgan yo‘li o‘zini mutlaqo oqlamagandi. Ammo shu onda ochlikdan azoblanayotgan mazlumlar joniga oro kiruvchi shaxs paydo bo‘ladi. Bu turli sohalardagi olim, qutb tadqiqotchisi, zoologiya fanlari doktori, yangi fan – fizik okeanografiya asoschisi, siyosat va jamoat arbobi hamda gumanist norvegiyalik mashhur sayyoh Fritof Nansen edi. Dunyo miqyosida juda yuqori obro‘ga ega bo‘lgan Nansen ko‘plab siyosiy markazlar e’tiborini sovetlar boshqaruvi ostidagi hududlarda avj olgan ocharchilikka qaratadi. Uning hurmati va obro‘si sabab G‘arb davlatlari och qolgan Rossiyaga yordam ko‘rsatadi. Shu orqali Fritof Nansen o‘lim yoqasidagi ming-minglab insonlarning yashab qolishida muhim rol o‘ynagan.
Bu sharmandali voqea bolsheviklarni hushyor torttirishi kerak edi. O‘zgarish qilish vaqti kelgandi. Dastlab shunday bo‘lgandek ko‘rindi. Lenin “harbiy kommunizm”ga barham berdi. Uning o‘rniga boshqa bir loyiha “yangi iqtisodiy siyosat” – NEP joriy qilindi. Ammo NEPning mazmun-mohiyati harbiy kommunizmdan birozgina farq qilardi, xolos. Unga ko‘ra, bozor iqtisodiyoti qisman tiklandi va shuning o‘zi ham vaziyatni anchagina o‘zgartirishga yordam bergandi. Xususiy tadbirkorlik birmuncha oyoqqa turgan, bu esa o‘z o‘rnida ishlab chiqarish va savdoni keskin oshirgandi. Biroq bularning barchasi chuqur jarohat ustiga surtilgan vaqtinchalik og‘riq qoldiruvchi ekanligi, Lenin jamoasida ocharchilikdan keyingi vaziyat birmuncha o‘nglangandan keyin mazkur yangi iqtisodiy siyosatdan voz kechish rejasi avvaldan bor bo‘lganligi ayon bo‘ldi. Bolsheviklar o‘z bilganidan qolmaydi va Lenin vafotidan so‘ng NEPdan bosqichma-bosqich voz kechiladi. 1929 yilda yangi iqtisodiy siyosat butunlay tugatildi. Bu paytga kelib hokimiyat jilovini mahkam tutgan SSSR tarkibidagi “xalqlar kushandasi” Iosif Stalin harbiy kommunizm siyosatidagi xatolardan mutlaqo xulosa chiqarmagandi. U boshchiligidagi bir to‘da kallakesarlar yana eski va ayanchli tarixni ongli ravishda takrorlashga kirishdi.
Stalinning ko‘rsatgan “karomati”
Yangi iqtisodiy siyosatni yo‘q qilish yakuniy bosqichga kirgan mahal, u bilan parallel tarzda yana boshqa bir loyiha start olgandi. Uzoq muddatli strategik rivojlanish yo‘llarini ishlab chiqishga uquvi yo‘q bo‘lgan Stalin va uning atrofidagilar bu safar ham qovun tushiradi. 1929 yilda butun SSSR bo‘ylab yangi jarayon – “Kollektivlashtirish” siyosati boshlandi. Bu esa amalda 1918 yilda butun mamlakat ahvolini og‘irlashtirgan harbiy kommunizm siyosatida boshlangan ishlarni yakunlab qo‘yish edi.
Stalin eski tos eski hammomga qaytgandi. Kollektivlashtirish 4 yildan ko‘proq davom etdi va shafqatsizlik borasida harbiy kommunizmdan yuz chandon o‘tib tushdi. Bu vaqt mobaynida qishloqlardagi o‘ziga to‘q dehqonlar va yirik yer egalarining barchasi o‘z mulkidan mahrum qilindi. Eng achinarlisi, ularning ko‘pchiligi asossiz ravishda juda ko‘p azob-uqubatlarga duchor etildi. Dehqon va mulkdorlar “quloq”, ya’ni “mushtumzo‘r” nomli to‘qib chiqarilgan ayblov bilan qamaldi, surgun qilindi va hatto jismonan yo‘q qilindi. 4 yillik kollektivlashtirish davomida 15 millionga yaqin dehqonlar SSSR ichida bir joydan boshqa joyga surgun qilindi. Bunday surgun natijasida esa millionlab begunohlar o‘z vatanidan uzoqda jon berdi. Biroq bu hali hammasi emasdi. Oldinda SSSRdagi bosib olingan davlatlar aholisini eng dahshatli ssenariylar kutib turardi. Bu mazkur voqealardan 10 yil burun mamlakatda sodir bo‘lgan ocharchilikning bir necha karra kuchliroq va azoblarga liq to‘la shaklda qaytalanish jarayoni edi.
Barchasi xuddi oldingidek, harbiy kommunizm davrida bo‘lgani kabi ko‘rinish oldi. Mamlakat o‘z yeridan mahrum qilingan va o‘sha yerda oddiy ishchi sifatida mehnatga majburlanayotgan dehqonlar, ro‘zg‘oridan ortiqcha chorvasi zo‘ravonlik bilan tortib olinayotgan chorvadorlar bilan to‘lib toshgandi. Hafsalasi pir bo‘lgan dehqon yerga ortiqcha mehr bermas, qoramollari shunchaki tortib olinayotgan chorvador ularni Stalin rejimiga berishga ko‘zi qiymas va alam ustida o‘z jonivorlarini o‘ldirardi.
Vaziyat shu tarzda avj oldiki, Moskvadagi rahbarlari qabul qilgan qarorlari oqibatida navbatdagi ocharchilik to‘lqini SSSR yerlariga juda yaqin kelib qolgandi. “Kollektivlashtirish” nomli yulg‘ich siyosatning so‘nggi davrida, aniqrog‘i 1932 yilning oxirlarida mana shunday ocharchilik nihoyat boshlandi. Bu shunchaki oziq-ovqat yetishmovchiligi yoki oddiy ochlik davri emasdi. Bu haqiqiy qirg‘inbarot jarayon edi. 1933 yilga kelib yana o‘sha eski ocharchilik o‘choqlari Ukraina, Kuban, Volgabo‘yi va ularga qo‘shimcha ravishda Qozog‘istonda naqd 7 milliondan ortiq odam och-nahorlikdan tashlandiq holda bu dunyodan ko‘z yumdi. Ushbu raqamlarning yarmidan ko‘pi, 4 millioni faqatgina Ukraina ulushiga to‘g‘ri keldi. Bu hududdagi holat esa jahannamning o‘zginasi edi.
Ochlikka kishanlangan Ukraina
1931-32 yillarda Ukrainada hosil yetishtirish uchun biroz noqulay bo‘lgan ob-havo kuzatiladi. Ustiga-ustak shu yillar oralig‘ida bir qancha o‘simlik kasalliklari avj olgani haqida ma’lumotlar ham mavjud. Shu va yuqorida ko‘rsatilgan dehqonlarni bor budidan mosuvo qilib, ularni hafsalasi yo‘q holida majburiy mehnatga majburlash kabi boshqa omillar qishloq xo‘jaligida yetishtiriladigan mahsulotlar hajmini keskin tarzda tushirib yuboradi. 1932 yilda yetishtirilgan hosil Ukrainadagi ichki iste’mol ehtiyojlarini ham ta’minlay olishi dargumon edi. Ammo shunday sharoitda ham Stalinning shafqatsiz oziq-ovqat “razvyorstka”si – dehqonlardan ortiqcha mahsulotni tortib olish tizimi ishlashda davom etdi. Eng qizig‘i shu yili dehqonchilik mahsulotlarini markazga, ya’ni Moskvaga tashib ketish yanada shafqatsiz ko‘rinish oldi. Bu safar ortiqcha hosil emas, balki aholining o‘z ehtiyoji uchun olib qolishi lozim bo‘lgan quritilgan mevalaridan tortib, dukkakli mahsulotlarning barchasi tashib ketildi. Moskva rasmiylari Ukrainadagi qishloq aholisining so‘nggi boshog‘ini ham yulqib olish darajasiga yetgan. Iosif va uning gumashtalari Ukrainani do‘zaxga tashlashga ongli ravishda qaror qiladi. Barchasi 1932 yilning so‘nggi oylarida boshlandi.
Oziq-ovqat yetishmovchiligi asta-sekin kuchayishi fonida aholi orasida o‘g‘rilik va fohishalik kabi illatlar urchishni boshladi. Omon qolish yo‘lida barcha imkoniyatlar ishga solindi. Har bir poyezd stansiyasida bir burda non evaziga choyshab taklif qiladigan lattaga o‘rangan bir to‘da dehqonlar saf tortib turishi odat tusiga kiradi. Ayollar oyoq-qo‘llari tayoqdek, qorni shishgan, ingichka bo‘yniga o‘ralgan katta o‘lik boshlari bilan arvoh holiga kelib qolgan go‘daklarini ko‘tarib turgan manzara hammasidan-da dahshatliroq bo‘lgan. 1933 yilning dastlabki choragida esa vaziyat o‘ta yomon ahvolga kelib qoldi. Ochlik shunchalik ko‘p odamlarning hayotiga zomin bo‘ldiki, qurbonlarni dafn qilish muammoga aylandi. Ko‘chalarning turli qismida, yo‘l chetlarida va boshqa shunday joylarda o‘liklarni uchratish odatiy holga aylangandi. Ammo bahorning o‘rtalariga kelib, ko‘chalarda o‘liklar ham qolmaydi. Chunki ochlikdan aziyat chekayotgan aholi o‘rtasida kannibalizm avj olgandi. Och-nahor va yeyish uchun hech vaqo topa olmagan odamlar noilojlikdan o‘lgan odamlar go‘shtini iste’mol qilish yo‘liga o‘tgandi.
Ukraina dahshat ichida qoladi. Omon qolish tana va ruh o‘rtasidagi kurashga aylangandi. Jismonan omon qolishni istaganlar o‘liklar go‘shti bilan jon saqladi. Bunday ishni qila olmaganlar esa ochlikdan vafot etadi. Odamlarda ertangi kunga ishonchdan asar ham qolmagandi. 1933 yil iyun oyida ukrainalik bir ayol shifokor do‘stiga xat yozadi. Ikki og‘izlik xat mazmunidan esa o‘sha paytdagi ahvolni to‘liq anglash mumkin.
“Men hali kanniballikka qo‘l urmadim. Demak, hozircha kannibal emasman. Lekin xatim senga yetib borgunga qadar men bunday bo‘lmasligimga ishonchim komil emas”.
1933 yil o‘rtalariga kelib Ukraina o‘ta ayanchli ahvolda edi. Hatto ayrim manbalar bu paytda Respublikada inson go‘shti savdosida qora bozor ham paydo bo‘lganini ta’kidlaydi. Politsiya qassobxonalarni diqqat bilan kuzatib, inson go‘shtini muomalaga kiritmaslikka harakat qilgan. Ammo muammo bu tarzdagi yechim bilan hal bo‘lmasdi va Moskva buni tan olishni xohlamasdi. O‘sha paytda mamlakatdagi Italiya konsuli Serxio Gradenigo, Xarkovda “odam go‘shti savdosi faollashgani” haqida xabar beradi. Biroq ochlikni tugatish va odamlarni bundan qutqarish masalasini hal qilish o‘rniga, Stalinning agressiv hokimiyati bunday ma’lumot va xabarlar dunyo hamjamiyatining qulog‘iga yetib bormasligi uchun qo‘llaridan kelgancha harakat qiladi. Vaziyat esa borgan sari xunuk tus olar, oziq-ovqat uchun bolalarni o‘ldirish kabi holatlar keng tarqalgan va buni nazorat qilish imkonsiz bo‘lib borardi. 1933 yilda butun Ukraina bo‘ylab “bolalar ovi” haqida turli xil gap-so‘z va mish-mishlar tarqalgan.
Turmush tarzi shunday sharoitda izdan chiqqan va politsiya bunday holatlarni nazorat qilishni qo‘ldan chiqargandi. Ammo shunday bo‘lishiga qaramay, 1933 yilning o‘zida Ukrainada kamida 2500 dan ortiq kishi kannibalizm uchun jazoga hukm qilingan va yana minglab ilojsiz insonlar boshqa turdagi jinoyatlar bilan javobgarlikka tortilgan. 1933 yil mart oyida Kiyev viloyatidagi maxfiy politsiya har kuni o‘n yoki undan ko‘p odam kannibalizmga qo‘l urganligi haqida ma’lumotlar to‘playdi. Kannibalizmda aybdor deb topilganlar esa qamoqqa tashlanadi yoki qatl qilinadi. Ammo rasmiylar kannibalizmning ko‘lami haqida yaxshi ma’lumotga ega bo‘lishsa-da, ular bu ma’lumotni keng ommaga ma’lum bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilishdi.
Bir yil ichida butun Ukraina hududida naqd 4 million etnik ukrain ochlikdan vafot etgandi. Ko‘plab mutaxassislar esa bu raqam asl haqiqatdan ancha kichik ekanligini iddao qilishadi. Ammo nima bo‘lgan taqdirda ham bir hukumatni uyg‘otish va vijdonini qaynatish uchun 4 million insonning o‘limi yetib ortardi. Biroq ming afsuski, Stalin va uning jamoasining insoniylik xislatlarini jonlantirish uchun millionlangan qirg‘in qurbonlarining o‘ta ayanchli taqdiri yetarli bo‘lmadi. Yashirin tarzda to‘plangan ma’lumotlar Sovet hukumatini harakatga keltira olmaydi. Ochlik ro‘y berayotgan bir paytda, bu haqdagi xabarlar sovet byurokratlari tomonidan ataylab o‘chirildi.
Partiya rasmiylari buni omma oldida tilga olishmadi. Moskvada joylashgan G‘arb jurnalistlariga bu haqda yozmaslik ko‘rsatmasi berildi. Stalinning o‘zi 1937 yilda o‘tkazilgan aholini ro‘yxatga olish natijalarini bostirishgacha borgan; o‘sha ro‘yxatga olish ma’murlari hibsga olindi va o‘ldirildi, chunki bu raqamlar Ukraina aholisining qisqarishini ochib berdi. Ochlik dahshatlari, shu jumladan kannibalizm haqidagi turli xabarlar Moskvaga yuboriladi, ammo Kreml bu qirg‘inbarot ochlikka nisbatan pinagini ham buzmaydi. Ular Ukrainada hech nima sodir bo‘lmayapti, deb hisoblaydi. Chunki bu rasvogarchiliklarning birdan bir yagona aybdori va sababchisi aynan ularning o‘zlari edi.
Rasman kim aybdor?
Ukrainada sodir bo‘lgan mazkur ocharchilik Golodomor – ochlik qirg‘ini degan nom bilan tarixga kirdi. Mana 90 yildirki ushbu ochlik qirg‘ini haqidagi qarashlar va uning sodir bo‘lishidagi taxminlar ikki qutbga bo‘lingan. Rossiya tomoni Golodomorni SSSRdagi umumiy muammolar fonida sodir bo‘lganini ta’kidlasa, Ukraina va dunyoning qolgan bir qismi bu voqeani Stalin va uning atrofidagilar etnik ukrainlarga nisbatan uyushtirilgan genotsid deb biladi. Golodomor voqeasi sodir bo‘lganidan to bugungacha rus tarixchilaridan tortib propagandachilarigacha mazkur hodisani Stalinning ukrainlarga qarshi uyushtirgan qirg‘ini emas, balki tabiiy jarayonda sodir bo‘lgan musibat sifatida talqin qilib kelishdi. Golodomor SSSR boshqaruvining qing‘irliklarini oshkor qilish xavfi mavjudligi bois Sovet hukumati ocharchilik haqidagi ma’lumotlarni faol ravishda yo‘qotdi va real voqelikni buzib talqin qildi.
Ommaviy ocharchilik haqidagi xabarlar senzuradan o‘tkazilib, xorijliklarning jabrlangan hududlarga borishi qat’iyan man etildi. Sovet propagandasi ocharchilik haqidagi har qanday xabarlarni rad etdi. O‘tmishdagi va bugungi Kreml rasmiylari va rus mediasi Golodomorni atayin qilingan qirg‘in emasligini isbotlashga juda ko‘p chiranishadi. Ular 1932-33 yillarda Ukrainadagi dahshatli ocharchilik o‘sha paytdagi SSSRda mavjud bo‘lgan umumiy muammolar fonida yuz bergani, bundan tashqari, ocharchilik boshlanishidan oldingi noqulay ob-havo va hatto ukrainalik dehqonlarning tizimga teskari tarzda harakat qilgani bilan bog‘lashadi. Yana bir eng kulgili vajlardan biri esa o‘sha yillardagi dala sichqonlarining populyatsiyasidir. To‘g‘ri, bu vajlarda ma’lum ma’noda jon bordir. Xususan, SSSRda joriy qilingan Kollektivlashtirish siyosati 1928-1932 yillarda boshlangan 5 yillik sanoatlashtirish rejasi bilan deyarli bir vaqtda o‘tkaziladi.
Shaharlarda industriyani rivojlantirish, jumladan, og‘ir sanoatni oyoqqa turg‘izish uchun mislsiz resurslar kerak edi. Qishloq xo‘jaligining asosiy generatori bo‘lgan dehqonlar va qishloq aholisi shaharlarni rivojlantirish yo‘lida zolim Stalinning qo‘lidagi o‘ljaga aylanadi. Ukraina qishloqlardagi oxirgi don boshoqlari ham Stalin hokimiyatini saqlab qolishi ko‘zda tutilgan og‘ir sanoat rivoji uchun shaharlarga va Yaponiya bosqini xavfini kamaytirish uchun harbiy xarajatlarni qoplash maqsadida markazga tashib ketiladi. Bundan tashqari qurg‘oqchilik va o‘simliklardan tarqalgan turli xil kasalliklar kabi tabiiy ofat omili va boshqalarni ham ma’lum ma’noda qabul qilsa bo‘ladi. Ammo bu Stalin va uning gumashtalari tomonidan Ukraina xalqiga qilingan jinoyatni shunchaki tabiiy holatda yuz bergan jarayon sifatida oqlash uchun yetarli bo‘lmaydi. Chunki quyida keltiriladigan dalillar Golodomor hukumat xatosi emas, balki Stalinning aniq maqsadli qirg‘ini ekanligini yaxshigina isbotlaydi.
Genotsidning shubhali izlari
Butun Ukraina ocharchilik iskanjasida qolgan va respublika hududida yeyish uchun o‘lgan odam suyaklaridan boshqa hech vaqo qolmagan mahalda nega ukrainlar ozuqa izlab boshqa joylarga yo‘l olishmagan yoki buning iloji yo‘qmidi? Yo‘q. Bu mutlaqo imkonsiz edi. O‘sha paytda Stalinning terror mashinasi ocharchilikka uchragan hududlar aholisining shaharlarga ko‘chishini taqiqlaydi. Ittifoq ichidagi qo‘shni respublikalarga sayohat qilish taqiqlanadi va qizil armiya qo‘shinlari to‘yib ovqatlangan shaharlarni och qishloqlardan ajratgan holda ularni o‘rab olishadi. Britaniyalik tarixchi Norman Devis aynan shu taqiq sababli Golodomorni genotsid deya baholaydi. U o‘zining “Yevropa tarixi” asarida Golodomorni Sovet rahbariyatining millatchilik harakati va uning sinfiy qo‘llab-quvvatlovchisi deya tamg‘alangan boy dehqonlarni yo‘q qilishga qaratilgan, qasddan sodir etgan harakatlari oqibati deb e’lon qiladi.
1933 yilgi ocharchilikni Stalinning ukrainaliklarni qirish operatsiyasi bo‘lgan bo‘lishi mumkinligiga ishora qiluvchi yana bir qiziq asoslardan biri bu – bevosita surgun bilan bog‘liq. Yuqorida kollektivlashtirish davrida 15 milliondan ortiq dehqon o‘z vatanidan surgun qilingani haqida so‘z ochilgandi. Millionlab insonlarni deportatsiya qilish juda katta moliyaviy xarjlarni talab qilardi. Shunga ko‘ra, ba’zi pessimistik qarashlarga bo‘yicha, o‘sha paytda SSSR hukumati deportatsiya xarajatlarini kamaytirish uchun Ukrainaning boy dehqonlari va yerga egalik qiluvchi mehnatkashlarini och qoldirish orqali shu yerning o‘zida yo‘q qilishni afzal ko‘rgani taxmin qilinadi.
Ammo Golodomor tashkillashtirilishining eng muhim va asosli nuqtalari bir bo‘g‘inda to‘planadi. Bu – uzluksiz tarzda adolat va hurlik istab repressiv Kreml va uning jallodlariga qarshi qo‘zg‘olonlar uyushtiruvchi ukrain xalqini ham ruham, ham jismonan batamom yo‘q qilish edi. Sovet Ittifoqida, shu jumladan Ukraina SSRda majburiy kollektivlashtirish o‘z yerlaridan ajralishni xohlamagan ko‘plab mehnatkashlarning qo‘zg‘olonlariga sabab bo‘ldi. Shuningdek, Ukraina rasmiylarining hisobotlarida dehqonlar orasida partiyaning nufuzi pasayib borayotgani haqida ma’lumotlar bor. Nyu-Yorkdagi Shevchenko ilmiy jamiyati qoshidagi AQSHda yashovchi ukrainaliklarning demografik va ijtimoiy-iqtisodiy tadqiqotlari markazi direktori Oleh Volovnaning izoh berishicha, dehqonlarning qarshilik ko‘rsatishi sovet hukumati fikriga ko‘ra, go‘yoki "fashizm va burjua millatchiligi" bilan bulg‘angan harakat deya sifatlanadi.
O‘sha kezlarda kollektivlashtirish ishlab chiqarishning pasayishiga, qishloq xo‘jaligining tartibsizligiga, oziq-ovqat taqchilligiga olib keladi. Bu Ukrainaning ba’zi hududlarida bir qator dehqon qo‘zg‘olonlarini, jumladan, qurolli qo‘zg‘olonlarni ham keltirib chiqaradi. Qo‘zg‘olonlar Stalinni tobora xavotirga sola boshlaydi. Chunki ular bundan o‘n yil oldin Rossiya fuqarolar urushi paytida Qizil Armiyaga qarshi kurashgan viloyatlarda avj olgandi. Shunda Stalin 1932 yil avgustida o‘zining eng yaqin odamlaridan biri bo‘lgan Lazar Kaganovichga quyidagi mazmunda xat yozadi.
"Agar biz hozir Ukrainadagi vaziyatni yaxshilash uchun harakat qilmasak, Ukrainani yo‘qotishimiz mumkin".
Ukraina golodomori sovet tuzumi tomonidan ukrain dehqonlarini bostirish va ukrain millatchiligining har qanday ko‘rinishini yo‘q qilish uchun ataylab olib borilgan siyosatga ishora qilinuvchi yana son-sanoqsiz dalillar mavjud. Xususan, dehqonlardan barcha oziq-ovqat mahsulotlarini tortib olish, majburiy kollektivlashtirish va dehqonlar mulkini musodara qilish yo‘li bilan Ukraina qishloq xo‘jaligini ataylab buzish, 1932 yilda Ukraina SSR uchun g‘alla majburiyatlarini real bo‘lmagan miqdorda sezilarli darajada oshirish, ta’minlash imkoniyatlari mavjud bo‘lishiga qaramay, ocharchilikka qarshi umuman kurash olib borilmaganligi va eng alamlisi axborot blokadasi orqali xorijdan oziq-ovqat yordami ko‘rsatish imkoniyatini yo‘qqa chiqarish. Shuncha dalil va isbotlar hamda SSSRning asl basharasi. Mana shunday holatda ham golodomorni genotsid emas deyish o‘tmishga va tarixga nisbatan xiyonat bo‘lmasmikan?
“Yolg‘onni yashirsang xalqaro hamjamiyat oshkor qiladi”
Ochlik paytida va undan keyin ma’lumotlarning inkor etilishi va buzib ko‘rsatilishi ushbu dahshatli voqeaning haqiqiy ko‘lami va ta’sirini tushunishni murakkablashtirdi. Kreml o‘z aybi bilan yuz bergan bu dahshatli tarixiy haqiqatni yarim asrdan ko‘proq vaqt davomida rasman rad etganiga qaramay, mustaqillikka erishgandan so‘ng bu o‘tmish Ukraina jamoatchiligi xotirasida qayta jonlandi. Ukraina hukumati, shuningdek, ukrain diasporasi Golodomorni xotirlash uchun yodgorliklar o‘rnatdi va Golodomorni xotirlash kuni butun dunyo bo‘ylab noyabr oyining to‘rtinchi shanbasi etib belgilandi. Ukraina ocharchilik bo‘yicha tadqiqotlarga ham sarmoya kiritdi.
Ukraina tarixida chuqur yara qoldirgan Golodomorga nisbatan xalqaro maydondagi munosabat dastlab turlicha edi. Ba’zi G‘arb hukumatlari, xususan, Qo‘shma Shtatlar Sovetlarning 1932-1933 yillardagi ochlikka sabab bo‘lgan harakatlarini qoralab, uni genotsid deb atadi. Biroq, diplomatik tomondan va siyosiy kun tartibi tufayli, ko‘plab davlatlar buni shunchaki tabiiy ofat sifatida malakalab Kreml bilan “sen-menga” borishni istamasdi. Dastlab, mana shunday pozitsiyada turishni hatto Buyuk Britaniya ham ma’qul ko‘rdi. Ammo 4 million ukrainalikni ochlikdan o‘ldirgan Golodomor voqeasi tarixning bir burchagida qolib ketmadi. Eng birinchi bo‘lib 1993 yilning 20 oktyabrida Estoniya Parlamenti bu sukunatni buzdi va tarixiy haqiqatni tiklash jarayoniga start berdi. Estoniya Golodomorni genotsid deb tan oldi. Shundan sakkiz kun o‘tib, 28 oktyabrda Avstraliya Senati ham bu voqeani xuddi Estoniya singari genotsid deya tan olganini e’lon qildi. Ammo shundan so‘ng keyingi 10 yilda rasmiy siyosiy doiralarda Golodomorni Sovet rejimini ukrainlarga nisbatan ongli tarzda uyushtirgan qirg‘ini deya e’tirof etish tendensiyasi to‘xtab qoladi.
Bu jarayon 2003 yilda Ukraina Oliy Radasidagi murojaatdan so‘ng yana qayta jonlanadi. Shu yili yana ikki mamlakat Kanada va Vengriya Golodomroni Ukraina xalqining genotsidi sifatida tan oladi. Shundan so‘ng bu tendensiya uzilishlarsiz davom etadi. Xususan, 2004 yilda Italiya va Vatikan, 2005 yilda Litva va Gruziya, 2006 yilda Ukrainaning o‘zi hamda Polsha, 2007 yilda Lotin Amerikasining bir qator davlatlari, jumladan Peru, Paragvay, Braziliya, Ekvador va Kolumbiya kabi davlatlar Golodomor genotsid degan da’voga qo‘shilishadi. Keyingi yillarda esa Meksika, Latviya, Portugaliya va Amerika Qo‘shma Shtatlari ham 1933 yilgi ocharchilikni SSSRning etnik ukrainaliklarga nisbatan qilgan genotsidi, deb tan oladi. Shunday qilib, 2019 yil holatiga ko‘ra 16 mamlakat Golodomorni genotsid sifatida rasmiylashtirdi. Ammo bu hali hammasi emasdi. 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga bosqini oqibatida rasmiy Moskva sanksiyalar yomg‘iri ostida qolishi bilan birga Golodomor ham yana qayta kun tartibiga chiqdi. 2022-23 yillarda yana 14 mamlakat Chexiya, Moldova, Irlandiya, Germaniya, Bolgariya, Belgiya, Islandiya, Fransiya, Sloveniya, Buyuk Britaniya, Lyuksemburg, Slovakiya, Xorvatiya va Niderlandiya kabi davlatlar Golodomorni genotsid deya rasmiylashtirdi. Shunday qilib, 1932-1933 yillarda Ukraina hududida yuz bergan ommaviy ocharchilikni zulmkor SSSRning genotsid akti deya tan olgan davlatlar soni 33 taga yetdi.
Shunday ekan, qing‘ir ishning qiyig‘i 40 yilda bo‘lsa ham chiqadi. Golodomorga esa buning uchun 60 yil yetarli bo‘ldi.
LiveBarchasi