Sho‘rchi hokimining 31 mlnga tushgan qarori bekor qilinadi. Aybdor atigi 1,3 “shtraf”ga tortildi

Jamiyat

image

Avvalroq, QALAMPIR.UZ saytida Surxondaryo viloyati, Sho‘rchi tumanida 160 tup daraxt kesib tashlanganligi haqida maqola e’lon qilingandi. Holatga “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi rasmiy munosabat bildirib, tutzordagi daraxtlar tuman hokimining noqonuniy qarori bilan kesilganini ma’lum qilgandi. Uyushma mas’ullarga chora ko‘rish uchun Bosh prokuraturasi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muxofaza qilish davlat qo‘mitasiga xat kiritgandi.

Surxondaryo viloyati prokuraturasi ma’lumotiga ko‘ra, holat Sho‘rchi tumani prokuraturasi tomonidan tegishli mutaxassislar ishtirokida o‘rganilgan.

Aniqlanishicha, joriy yilning 13 sentyabridan 14 sentyabriga o‘tar kechasi fuqaro O.X. tomonidan tuman “Agro pilla” MCHJga qarashli tut plantatsiyasidagi 40 tup tut daraxti noqonuniy tarzda qo‘porib tashlangani oqibatida jamiyat manfaatlariga 31 mln 200 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.

Mazkur holat yuzasidan, joriy yilning 15 sentyabr kuni tuman prokuraturasi tomonidan O.X.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 79-moddasi bilan ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilib, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida (1 350 000 so‘m) jarima jazosi qo‘llanilgan.

Bundan tashqari, tuman hokimining joriy yil 8 apreldagi tut plantatsiyasidan bino qurilishi uchun yer ajratish haqidagi 708-sonli qarori qonun hujjatlariga zid ravishda qabul qilingani aniqlanib, uni bekor qilib, qonunga muvofiqlashtirish haqida prokuror protesti keltirilgan.

Shuningdek, jamiyat tomonidan iqtisodiy zararni undirish masalasida fuqarolik ishlari bo‘yicha Denov tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritilgan. Bu borada prokuror nazorati o‘rnatilgan.


Maqola muallifi

Teglar

daraxt Sho'rchi

Baholaganlar

215

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing