Shubhali g‘oyib bo‘lgan Li Shanfuning o‘rniga yangi vazir tayinlandi

Olam

image

Xitoyning Xalq ozodlik armiyasi dengiz floti bosh qo‘mondoni admiral Dun Szyun mamlakatning yangi Mudofaa vaziri etib tayinlandi. Bu haqda Xitoyning “Sinxua” axborot agentligi xabar berdi.

Mazkur tayinlov haqidagi qaror Butunxitoy xalq vakillari kengashi doimiy qo‘mitasi yig‘ilishida qabul qilingan.

"29 dekabr kuni tushdan keyin Pekindagi Xalq majlislar zalida 14-Butunxitoy xalq vakillari kengashi Doimiy qo‘mitasining yettinchi yig‘ilishi yakunlandi. Ovoz berishdan so‘ng Dun Szyunni Mudofaa vaziri etib tayinlash to‘g‘risida qaror qabul qildi", deyiladi xabarda. 

Ma’lumot uchun, Dun Szyun 2017-2021 yillarda Xitoy Xalq Ozodlik Armiyasi janubiy teatri jangovar qo‘mondonligi qo‘mondoni o‘rinbosari, 2021-yildan buyon esa Xitoy Xalq Ozodlik Armiyasi Harbiy-dengiz kuchlari bosh qo‘mondoni lavozimida ishlagan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 24 oktyabr kuni Butunxitoy xalq vakillari kengashining doimiy qo‘mitasi (parlamentning doimiy organi) Xitoyning oldingi Mudofaa vaziri Li Shanfuni o‘z lavozimidan chetlashtirishga qaror qilgandi. Bu vaqtga kelib, general deyarli ikki oy davomida jamoat joylarida ko‘rinish bermagan: oxirgi marta sobiq mudofaa vaziri 29 avgust kuni Pekinda tinchlik va xavfsizlik bo‘yicha 3-Xitoy-Afrika forumida nutq so‘zlaganida omma oldiga chiqqan.

Xitoyning oldingi Tashqi ishlar vaziri Sin Gan ham qariyb bir oydan davomida yo‘qolib qolganidan so‘ng, vazifasidan ozod qilingandi. Uning o‘rniga Xitoy Kommunistik partiyasi markaziy qo‘mitasi tashqi ishlar komissiyasi devonxonasi rahbari Van I yangi vazir etib tayinlangan. Dekabr oyida “Politico” nashri yuqori martabali xitoylik amaldorlarga tayanib, Sin Gan qiynoqlardan so‘ng Pekin harbiy shifoxonasida vafot etgani yoki o‘z joniga qasd qilganini xabar qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy Dun Tszyun'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing