Shuhratbek Abdurahmonov Marhamatdagi sharmandalik uchun ustozlardan uzr so‘radi
Jamiyat
−
09 fevral 2022
30485Avvalroq, ijtimoiy tarmoqda Andijon viloyati Marhamat tumanidagi maktablardan birida o‘qituvchilar o‘quv muassasada ta’lim sifati, o‘quvchilarning oliygohlarga kirish ko‘rsatkichi pastligi uchun ota-onalar oldida tik turib kechirim so‘rashga majbur qilingani haqida xabarlar tarqaldi.
Holat jamoatchilikning keskin e’tiroz va tanqidiga sabab bo‘ldi. Bugun, 9 fevral kuni Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov holatga munosabat bildirib, uzr so‘radi.
“Bugun ijtimoiy tarmoq, jamoatchilik vakillari orasida ko‘plab muhokamalarga va e’tirozlarga sabab bo‘layotgan holat, ustoz - murabbiylarimizning sha’ni va qadr-qimmatini obro‘sizlantirishga qaratilgan harakat ekanligini ko‘rish mumkin.
Bu bilan ustozlarimizga bo‘lgan e’tibor Davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan ayni davrda “ayrim” rahbarlarning ma’naviyatsizligi va saviyasizligi kechirib bo‘lmas xatoni yuzaga keltirdi”, deydi Abdurahmonov.
Viloyat hokimi ushbu holatga sababchi bo‘lgan rahbarlarni qonunan jazolashga va’da berib, ustozlardan kechirim so‘ragan.
“Hurmatli ustoz va murabbiylar! Men Andijon viloyati hokimi sifatida mazkur holatni o‘z nazoratimga olib, meni boshchiligimda alohida ishchi guruh tuzildi.
Aytib o‘tish joizki, ushbu xatoga yo‘l qo‘ygan har qanday rahbarlarga qonunda belgilangan jazo choralarini ko‘rilishini ta’minlayman.
Andijonda hech bir ustoz va murabbiylarimiz bunday holatga tushishlariga yo‘l qo‘ymayman, zero sizning oldingizda sharafli mehnatingizni qadrlagan holda ta’zimdamiz”, deya so‘zini yakunlagan viloyat hokimi.
LiveBarchasi