Shoygu, Medvedev, Matviyenko, Mishustin va Kabayevaga Yaponiyadan tamg‘a qo‘yildi
Olam
−
07 Oktabr 2022
5458Yaponiya hukumati referendumlar natijasida Donetsk va Lugansk xalq respublikalari (O‘zbekistonda tan olinmagan – tahr.), Zaporoje va Xerson viloyatlari Rossiya tarkibiga noqonuniy tarzda va kuch bilan qo‘shib olingani sababli Rossiya Federatsiyasiga nisbatan sanksiyalar ro‘yxatini kengaytirdi. Tegishli ro‘yxat bugun, 7 oktyabr kuni Yaponiya Moliya vazirligi tomonidan e’lon qilindi.
Yangilangan hujjat Rossiyadan 58 nafar jismoniy shaxs va to‘qqizta tashkilotni, shuningdek, Rossiya Federatsiyasining yangi sub’ektlariga aloqador yana 23 nafar shaxsni o‘z ichiga oladi. Ularga aktivlarni muzlatish kabi cheklovchi choralar qo‘llaniladi.
Yaponiyaning yangi sanksiyalari, xususan, Checheniston Respublikasi rahbari Ramzan Qodirovning qarindoshlari, Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu, parlament yuqori palatasi raisi Valentina Matviyenko, Bosh vazir Mixail Mishustin, Xavfsizlik Kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev, sportchi va siyosatchi Alina Kabayeva (OAVga ko‘ra Putinning ma’shuqasi – tahr.)ga taalluqlidir.
Yaponiya, shuningdek, Kalashnikov konserni, “ODK-Klimov” OAJ (harbiy va fuqarolik aviatsiyasi uchun gaz turbinali dvigatellar ishlab chiqaruvchisi – tahr.), “Sozvezdiye” OAJ (radioyelektronika majmuasi korxonasi – tahr.) va “Roselektronika” (milliy elektronika sotuvchisi – tahr.) xoldingiga qarshi sanksiyalar kiritdi.
Eslatib o‘tamiz, 23-27 sentyabr kunlari Zaporoje viloyatining bosib olingan hududida, shuningdek, tan olinmagan DXR va LXR hamda bosib olingan Xerson viloyatida “Rossiyaga qo‘shilish bo‘yicha bir tomonlama referendumlar” o‘tkazildi. Zaporoje viloyatida protokollarning 100 foizini qayta ishlash natijalariga ko‘ra, qo‘shilish tarafdori 93,11 foiz, Xerson viloyatida – 87,05 foiz, DXRda – 99,23 foiz, LXRda – 98,42 foiz.
Referendum natijalarini xalqaro tashkilotlar, jumladan Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, NATO kabi tuzilmalar tan olmadi va uni noqonuniy deb atadi.
30 sentyabr kuni esa Putin Ukrainaning Donbass mintaqasidagi tan olinmagan Lugansk va Donetsk xalq respublikalari hamda Xerson va Zaporoje viloyatlarini Rossiyaga qo‘shib olish, anneksiya qilish haqidagi shartnomalarni imzoladi.