Matviyenko Ukrainaga bosqinni to‘xtatish shartini aytdi
Olam
−
06 Oktabr 2022
20451Rossiya Ukrainadagi “maxsus harbiy operatsiya”ni to‘xtatishga tayyor. Faqat bu jarayon Moskva taklif qilgan shartlar asosida amalga oshiriladi. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisining Federatsiya Kengashi raisi Valentina Matviyenko G20 mamlakatlari parlamentlari spikerlari sammitida so‘z ochdi.
Avvalroq ukrainalik parlamentariylarga muzokaralarni boshlashni taklif qilgan senator kelishuvlarning mavzusi Rossiya Federatsiyasi tarkibiga qo‘shib olingan to‘rtta yangi hudud bilan bog‘liq bo‘lmasligi kerakligini alohida urg‘uladi.
“Bu haqida gap bo‘lishi ham mumkin emas, u allaqachon bizning, Rossiyamizning bir qismi. Ammo biz keyingi harbiy harakatlarni to‘xtatishga tayyormiz, lekin Rossiya taklif qiladigan shartlar asosida”, deydi Matviyenko.
Uning aytishicha, ayni paytda federal markaz va yangi sub’ektlar –Donetsk va Lugansk xalq respublikalari (O‘zbekistonda tan olinmagan – tahr.), Xerson va Zaporoje viloyatlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning kelajakdagi tuzilmasi muhokama qilinmoqda.
Matviyenko Indoneziyadagi G20 parlamenti spikerlari sammitida Rossiya vakili. Unda senator Ukraina parlament delegatsiyasini muzokaralar stoliga o‘tirishni taklif qilib, Rossiya inqirozni tinch yo‘l bilan hal etish tarafdori ekanini ta’kidladi. Uning urg‘ulashicha, Rossiya bir necha bor Ukraina ichidagi inqirozni hal qilish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishni taklif qilgan, kelishuvlarga amalda erishilgan, ammo Ukraina o‘shanda tashqi nazorat ostida bo‘lib, bu kelishuvlardan voz kechgan.
LiveBarchasi