Shoygu 3 haftada birinchi marta Ukrainadagi urushga izoh berdi
Olam
−
19 aprel 2022
31009Rossiya harbiylari Ukrainadagi "maxsus operatsiya" doirasida DXR va LXRni "ozod qilish" rejasini izchil amalga oshirmoqda. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vaziri Sergey Shoygu bugun, 19 aprel kuni harbiy idora kollegiyasida so‘zlagan nutqida aytib o‘tdi.
Shu bilan birga, Rossiya Mudofaa vazirligi rahbari G‘arb davlatlarini Ukrainadagi jangovar harakatlarni imkon qadar uzaytirishni xohlayotgani uchun qoraladi.
“AQSH va uning nazorati ostidagi G‘arb davlatlari maxsus harbiy operatsiyani imkon qadar cho‘zish uchun hamma ishni qilmoqda. Xorijiy qurol-yarog‘ yetkazib berish hajmining ortib borayotgani ularning Kiyev rejimini “oxirgi ukrainalikgacha” kurashishga undash niyatini yaqqol ko‘rsatib turibdi”, deya vazirning so‘zlaridan iqtibos keltirgan TASS.
Sergey Shoyguning harbiy hay’atdagi chiqishi vazirning uch hafta ichida birinchi marta omma oldida ko‘rinishi bo‘ldi. U oxirgi marta 29 mart kuni “harbiy operatsiya” borishi haqida fikr bildirgan. Va bundan oldin u 11 martdan beri ommaga ko‘rinmagandi. Ommaviy axborot vositalarida vazirning betobligi haqida taxminlar paydo bo‘lgandi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi