Shov-shuvli prof boks oqshomida nimalar sodir bo‘ldi? (fotogalereya)

Sport

b1

Kecha, 17 dekabr kuni “Matchroom Boxing” kompaniyasi tomonidan Toshkentda professional boks oqshomi tashkil etildi. 

Kechaning markaziy jangida o‘rta vazn toifasida Isroil Madrimov (8-0-0) fransiyalik Mishel Soroga (35-3-1) qarshi bahs olib bordi. Madrimov 9-raundda raqibini texnik nokautga uchratdi. U raqibiga bir nechta kuchli zarbalar yo‘lladi va referi jangni to‘xtatdi.

Qiziq  tomoni shundaki, referi Salvador Salvaning harakatlari tufayli jangning yakuni ikki jamoa vakillari hamda muxlislar o‘rtasida bahs-munozaralarni keltirib chiqardi.

Jang teng kurashlar ostida o‘tdi. Madrimovning zarbalari kuchliroq ko‘rinsa-da, har ikki bokschida ham g‘alaba uchun yaxshi imkoniyatlar bo‘ldi va jangning ikkinchi yarmida Soro faollashdi. To‘qqizinchi raundning so‘nggi soniyalarida Madrimov raqibni kuchli zarbalari bilan muvozanatdan chiqardi. Ammo na bokschilar, na hakam bong ovozini eshitmagandek tuyuldi. So‘ng, referi jangni to‘xtatdi.

Hakamlarning uzoq mulohazadaridan keyin Madrimovning texnik nokaut bilan qozongan g‘alabasi tan olindi va bu Soro jamoasining e’tirozlariga sabab bo‘ldi. Sakkizinchi raunddan so‘ng ikki nafar referi Madrimovning 78:74 va 76:75 hisobida oldinda borayotgani, uchinchisi esa 76:76 hisobidagi durang natijani qayd etgani oydinlashdi. Madrimov fransiyalik bokschiga hurmati baland ekani va u bilan revanshga tayyorligini ma’lum qildi.

“Co-main event” jangida Shahram G‘iyosov (12-0-0) 100:90, 100:90 va 99:91 hisobida argentinalik Kristian Koriya (29-9-2) ustidan g‘alaba qozondi hamda uni Krishtianu Ronaldu uslubida nishonladi.

Olimpiada chempioni Hasanboy Do‘smatov (4-0) beshinchi raunddayoq texnik nokaut bilan navbatdagi g‘alabasini qo‘lga kiritdi va o‘zining birinchi yengil vazn toifasida WVA International kamarini Xose Rivasga (18-13-4) qarshi jangda himoya qildi. Do‘smatov jangdan so‘ng bergan intervyusida keyingi bahsda chempionlik kamari uchun ringga ko‘tarilishi mumkinligini aytib o‘tdi.

Bektemir Meliqo‘ziyev (8-1-0) esa Sergey Yekimov (18-4-0) ustidan 80:72, 80:72 va 80:71 hisobida bir ovozdan g‘alaba qozonib, professional ringdagi ilk mag‘lubiyatidan so‘ng, muvaffaqiyatli qaytishni amalga oshirdi.

Prof boksda o‘zining 8-jangini o‘tkazgan Elnur Abduraimov filippinlik Jon Geminoga (22-13-1) qarshi ringga ko‘tarilib, 6-raundda  uni nokautga uchratdi.

Shuningdek, prof boksda 2-jangida ringga ko‘tarilgan Iqboljon Xoldorov Dimitriy Miliushani (9-6-1) 1-raunddayoq nokautga uchratdi.

Oqshomning dastlabki jangida esa Dilshodbek Ro‘zmetov rossiyalik Maksim Smirnovni (8-11-3) mag‘lubiyatga uchratdi. 6 raund davom etgan bahsda barcha hakamlar Ro‘zmetovning g‘alabasini qayd etishdi.

Ma’lumot uchun, boks oqshomiga qadar Mishel Soro WBA reytingida birinchi, Isroil Madrimov esa 2-pog‘onani egallab turgan edi. Katta ehtimol bilan bokschilar o‘rtasida revansh jangi tashkil etiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Shahram G'iyosov Isroil Madrimov Elnur Abduraimov Bektemir Meliqo'ziev Hasanboy Do'smatov WBA Prof boks Iqboljon Xoldorov

Baholaganlar

407

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing