Shotlandiyadagi orolda 34 yildan keyin ilk bor chaqaloq tug‘ildi

Olam

−

image

Shotlandiyaning chekka Shimoliy Ronaldsey orolida 34 yil ichida ilk bor chaqaloq dunyoga keldi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Qayd etilishicha, Dunkan Uaylder Torsteyn Treyll Suares Ford ismli chaqaloq joriy yilning 15 sentyabr kuni tug‘ilgan. Uning onasi Elis Treyll Fordning aytishicha, bu Shimoliy Ronaldsey orolida 34 yil ichida qayd etilgan ilk tug‘ilish hisoblanadi.

Shimoliy Ronaldsey Orkney arxipelagining eng shimoliy oroli bo‘lib, uzunligi qariyb 5 kilometr, eni esa 3 kilometrni tashkil qiladi. 2024 yildagi Shotlandiya hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, orolda 72 kishi yashagan. Hozir esa Elis Treyll Fordning aytishicha, orol aholisi 51 kishini tashkil etadi.

Elis Treyll Ford va uning bo‘lajak turmush o‘rtog‘i Xorxe Suares oilasi bilan Kosta-Rika va Shimoliy Ronaldsey o‘rtasida yashab keladi. Dastlab farzandini Kosta-Rikada dunyoga keltirishni rejalashtirgan. Biroq orolga kelganidan keyin tug‘ruq rejasini o‘zgartirgan.

“Men shu zahoti bu farzandim uchun eng o‘ziga xos, sehrli va iliq muhitdagi tug‘ruq bo‘lishini his qildim”, deydi Treyll Ford.

U farzandini ajdodlari tomonidan qurilgan Holland uyi binosida dunyoga keltirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, oilasi 1727 yildan beri orol bilan bog‘liq va u har yili go‘dakligidan buyon Shimoliy Ronaldseyga qaytib keladi.

“Bu orol mening ulg‘ayishimda katta o‘rin tutgan. Shuning uchun ajdodlarim yashagan shu maskanda o‘zimni juda yaqin va o‘zimga tegishlidek his qildim”, deydi u.

Chaqaloq tug‘ilgani orol aholisini ham xursand qilgan. Treyll Ford mahalliy aholiga omad ramzi sifatida to‘rt bargli beda va “groatie buckies” deb ataladigan kichik chig‘anoqlar bilan bezatilgan viski idishchalarini tarqatgan.

Treyll Fordning fikricha, orolda uzoq vaqt davomida bolalar tug‘ilmaganiga tibbiy xizmatlarning cheklangani sabab bo‘lishi mumkin. Shimoliy Ronaldseyda shifokor yoki shifoxona yo‘q, faqat doimiy hamshira faoliyat yuritadi.

Uning aytishicha, oroldan Orkney materiagidagi Kirkuoll shahriga qayiqda yetib borish taxminan 2 soat 40 daqiqa vaqt oladi. Favqulodda vaziyat yuzaga kelganida esa sohil qo‘riqlash xizmati vertolyoti chaqirilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreyaning kichik bir shaharchasida so‘nggi 17 yil ichida birinchi marta bola tug‘ilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing