Suv ostidan ichida 5 tonna oltin va kumush bo‘lgan kema topildi

Olam

image

Shotlandiya sohillari yaqinida qariyb 400 yil avval cho‘kib ketgan qirollik kemasi – “Blessing of Burntisland” qoldiqlari topilgan bo‘lishi mumkin. Mutaxassislar kema bortida bugungi qiymatda 20 million funt sterlingga teng boylik bo‘lganini taxmin qilmoqda. Bu haqda “The Daily Star” xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, kema Angliya qiroli Karl I ga tegishli bo‘lgan. U 1633 yil iyulida qirolning toj kiyish marosimi vaqtida Fayf hududidan Leyt porti tomon suzib ketayotganida kuchli bo‘ron sabab Fort qo‘ltig‘ida cho‘kib ketgan.

Kema taxminan 18 metr uzunlikda bo‘lgan. Uning bortida qirol Karl I ning shaxsiy buyumlari va boshqa qimmatbaho yuklar bo‘lgan. 35 nafar yo‘lovchi va ekipaj a’zosidan faqat ikki nafari omon qolgan.

Cho‘kib ketgan kemani topish uchun ishqibozlar qariyb 30 yil davomida izlanish olib borgan. Fort qo‘ltig‘idagi loyqa suvlar sabab avvalgi qidiruvlar natija bermagan. Biroq suv ostidagi skanerlash texnologiyalarining rivojlanishi qidiruvchilarga yangi imkoniyat bergan.

Charles Wrex Project loyihasi vakillari yaqinda kemaning o‘ziga tegishli bo‘lishi mumkin bo‘lgan yog‘och bo‘lagini aniqlagan. Shundan so‘ng mutaxassislarda “Blessing of Burntisland”ning ehtimoliy joylashuvi aniqlangani haqida umid paydo bo‘lgan. Biroq loyiha direktori va “Burntisland Heritage” tashkiloti rahbari Ien Archibald hozircha kemaning topilgani haqida qat’iy xulosa qilishga erta ekanini ta’kidlagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mutaxassislar tarixiy kema qoldiqlari bo‘lishi mumkin bo‘lgan joyni aniqlagan, ammo aynan shu kema ekanini hali tasdiqlashmagan. Topilgan yog‘och namunasi ham hozircha qaysi kemaga tegishli ekani noma’lum.

Keyingi bosqichda namuna radiokarbon usulida tekshirilishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, suv ostidagi hudud batafsil o‘rganilib, u yerda boshqa buyumlar yoki kema qoldiqlari bor-yo‘qligi aniqlanadi.

Qayd etilishicha, Fort qo‘ltig‘i tubida 500 ga yaqin kema halokati qayd etilgan. Shu sababli topilmaning aynan qirollik kemasiga tegishli ekanini tasdiqlash uchun qo‘shimcha tadqiqotlar talab etiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Belgiyaning Dendermond shahrida qurilish ishchilari bino yerto‘lasidagi devor orasiga yashirilgan, qiymati qariyb 9 mln yevroga baholanayotgan oltin tangalar va quymalarni topgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing