Hujjat imzolandi: Shotlandiya, Uels va Shimoliy Irlandiya mustaqil bo‘lmoqchi

Olam

image

Shotlandiya, Uels va Shimoliy Irlandiya yetakchilari o‘z taqdirini o‘zlari belgilashi va Britaniyadan mustaqil bo‘lish to‘g‘risida memorandum imzoladi. Ular o‘z millatlari kelajagini Yevropa Ittifoqida ko‘rmoqda. Bu haqdagi bayonot Shotlandiyaning SNP partiyasi tomonidan X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilindi.

Bayonotda Shotlandiya, Uels va Shimoliy Irlandiya birinchi vazirlari – Jon Suinni (SNP partiyasi), Rin ap Iorvert (Plaid Cymru partiyasi) va Mishel O’Nil (Sinn Féin partiyasi) muhim hujjatni imzolaganini ma’lum qilgan.

“Shotlandiya, Shimoliy Irlandiya va Uels yetakchilari birgalikda ishlash uchun mustaqillik to‘g‘risidagi memorandumni imzoladilar. Barcha millatlar o‘z kelajagini belgilash huquqiga ega bo‘lishi kerak”, deyiladi bayonotda.

Shuningdek, memorandum nusxasi ham keltirilgan. Unda aytilishicha, Shotlandiya, Uels va Shimoliy Irlandiya o‘z tarixi, o‘zligi va siyosiy an’analariga ega.

“Millatlarimiz o‘z kelajagini demokratik yo‘l bilan belgilash huquqiga ega. Biz o‘zimiz vakillik qilayotgan millatlar va jamoalar kattaroq iqtisodiy imkoniyatlar erkinligiga hamda o‘z kelajagini belgilashda yanada kuchliroq ovozga loyiqdir, degan ishonchni baham ko‘ramiz.

Orollardagi siyosiy manzara o‘zgarmoqda. Tarixda ilk bor Shotlandiya, Uels va Shimoliy Irlandiya birinchi vazirlari Buyuk Britaniyadan mustaqil bo‘lish g‘oyasiga birgalikda sodiqdirlar”, deyiladi hujjatda.

Birinchi vazirlar “Vestminster davri o‘z yakuniga yetmoqda”, deb hisoblashlarini bildirmoqda.

“Biz bundan ham yaxshiroq yo‘l borligiga ishonamiz: teng huquqlilikda birgalikda ishlaydigan, g‘oya va tajriba almashadigan hamda o‘zaro hurmat va umumiy manfaatlarga asoslangan munosabatlarni quradigan millatlar. Harakatimiz jadallashmoqda. Biz konstitutsiyaviy o‘zgarishlar muqarrar ekaniga ishonamiz.

Brexit iqtisodiyotimizga zarar yetkazdi va xalqimiz uchun imkoniyatlarni cheklab qo‘ydi. Mamlakatlarimiz kelajagi Yevropa Ittifoqiga tegishli deb hisoblaymiz.

Biz Britaniya hukumatini har bir yurisdiksiyada konstitutsiyaviy o‘zgarishlarni tayyorlash, rejalashtirish va unga ko‘maklashishga chaqiramiz. Kelajak mamlakatlarimiz ishonch bilan hamkorlik qila oladigan, o‘z nomidan gapiradigan va bir-biri hamda qolgan dunyo bilan tenglik, hurmat va o‘zaro manfaatdorlik asosida munosabatlar qura oladigan bo‘lishi kerak”, deyiladi memorandumda.

Ma’lumot uchun, Shotlandiya, Uels va Shimoliy Irlandiyaning Britaniya tarkibiga kirish tarixi turli davrlarga borib taqaladi. Uels XIII asrdayoq Angliya tomonidan egallangan bo‘lsa-da, uning to‘liq siyosiy va huquqiy integratsiyasi 1536 va 1542 yillardagi Uels haqidagi dalolatnomalar (Acts of Union) orqali amalga oshirilgan. Shotlandiya va Angliya esa 1603 yildan beri umumiy monarxga ega edi, biroq ularning yagona “Buyuk Britaniya Qirolligi”ga birlashishi va yagona Vestminster parlamentining tashkil etilishi 1707 yildagi Ittifoq dalolatnomasi bilan mustahkamlangan. Shimoliy Irlandiyaning tarixi esa nisbatan murakkabroq bo‘lib, butun Irlandiya oroli 1801 yilda Birlashgan Qirollik tarkibiga kiritilgan, ammo 1921 yildagi ajralishdan so‘ng orolning shimoliy qismi Britaniya tarkibida qolgan. Shunga ko‘ra, Uels qariyb 500 yildan beri, Shotlandiya 319 yildan beri, Shimoliy Irlandiya esa hozirgi maqomida 105 yildan beri Britaniya tarkibida mavjud.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing