Shotlandiyadagi masjid yaqinida erkak bolta bilan odamlarga hujum qildi (video)
Olam
−
21 iyun 3480 1 daqiqa
Shotlandiyaning Edinburg shahridagi masjid yaqinida pichoq va bolta bilan qilingan hujumda besh kishi jarohat oldi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, voqea 19 iyun kuni kechqurun sodir bo‘lgan. Mahalliy vaqt bilan soat 20:50 atrofida politsiyaga shaharning g‘arbiy qismidagi masjid yaqinida ikki kishi hujumga uchragani haqida xabar kelib tushgan.
Keyinroq 36 yoshli erkak yana uch nafar shaxsga ham hujum qilgan. U ko‘chmas mulk agentligi yaqinidagi odamlarga tashlangan, shuningdek, yonilg‘i quyish shoxobchalaridagi bir nechta avtomobillarga zarar yetkazgan, do‘konni vayron qilgan hamda birinchi hodisa joyidan bir necha kilometr uzoqlikdagi pitsseriya eshigini sindirgan.
Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, jabrlanganlarning yoshi 22 yoshdan 39 yoshgacha bo‘lib, ularning hayotiga xavf yo‘q. Hodisa yuzasidan tergov ishlariga terrorizmga qarshi kurash bo‘linmasi ham jalb etilgan.
BBC ma’lumotlariga ko‘ra, hujum diniy nafrat zamirida sodir etilgan bo‘lishi mumkin. Shotlandiya Birinchi vaziri Jon Suinni mamlakatda zo‘ravonlik, irqchilik va murosasizlikka o‘rin yo‘qligini ta’kidlagan.
Qo‘lga olish vaqtida gumonlanuvchi “mamlakatni himoya qilayotgani”ni baqirib aytgani xabar qilinmoqda. Hozirda hodisaning barcha tafsilotlari o‘rganilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Kaliforniya shtatidagi San-Diyego okrugidagi masjidga hujum uyushtirilgandi va oqibatda uch nafar erkak halok bo‘lgandi.
Live
Barchasi