Shomurodovning sobiq ustozi Italiyada Maldinini o‘rnini egalladi
Sport
−
10:50 960 2 daqiqa
Tajribali italiyalik mutaxassis, Eldor Shomurodovning sobiq ustozi Klaudio Raneri Italiya futbol federatsiyasi (IFF) texnik direktori lavozimiga tayinlanadi. Bu haqda jurnalist Fabritsio Romano o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.
Joriy yilning 27 iyul kuni Paolo Maldini ushbu lavozimni tark etgan edi. Shuningdek, Leonardo ham FIGC texnik direktori maslahatchisi vazifasidan iste’foga chiqqan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Maldini va Leonardo 2006 yilgi jahon chempioni Andrea Pirloni Italiya terma jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlash tarafdori bo‘lgan. Biroq, Pirloning Rossiya bukmekerlik kompaniyasi bilan hamkorligi Italiyada siyosiy bahslarga sabab bo‘lgan. Bir qator italiyalik deputatlar aynan shu ish sababli uning nomzodiga qarshi chiqqan.
74 yoshli Klaudio Raneri 2024-2025 yilgi mavsumda “Roma”ni boshqarib, mavsum yakunida lavozimini tark etgan. U bundan avval ham 2009-2011 yillarda va 2019 yilda Rim klubini boshqargan.
Raneri faoliyati davomida “Napoli”, “Fiorentina”, “Yuventus”, “Inter”, “Parma”, “Sampdoriya”, Ispaniyaning “Valensiya” va “Atletiko”, Angliyaning “Chelsi”, “Fulhem”, “Uotford” hamda 2016 yilda Angliya Premer-ligasida sensatsion chempionlikka erishgan “Lester Siti”, shuningdek, Fransiyaning “Monako” va “Nant” klublari hamda Gretsiya milliy terma jamoasini boshqargan.
Xabarlarga ko‘ra, joriy yilning iyun oyida Raneriga Italiya terma jamoasi bosh murabbiyligi taklif etilgan, biroq u bu taklifni rad etgan. Shundan so‘ng, tajribali mutaxassis “Roma” klubida boshqaruv a’zosi sifatida faoliyatini davom ettirishini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq IFF prezidenti Jovanni Malago Roberto Manchini Italiya milliy terma jamoasining yangi bosh murabbiyi bo‘lishini ma’lum qildi.
Live
Barchasi