Shomurodov o‘zini Messiga o‘xshatishganiga munosabat bildirdi
Sport
−
17 yanvar 2021
20770Italiyaning “Jenoa” klubining o‘zbekistonlik futbolchisi Eldor Shomurodov o‘zini “Barselona” klubi forvardi Lionel Messiga tenglashtirilayotganiga munosabat bildirdi. Futbolchi “La Gazzetta dello Sport” nashri bilan intervyuda murabbiy Joze Mourino haqidagi fikrlari bilan ham o‘rtoqlashgan.
“Men Mourinoni yaxshi ko‘raman, men uchun haqiqiy kumir. Fikrimcha, u murabbiylar orasida mutlaqo birinchi o‘rinda turadi. Meni “o‘zbek Messisi” deyishyaptimi? Nega bundayligini tushunolmayman, lekin taxallusni qoldiraman! Ammo umuman olganda, men doim Dide Drogbaning o‘yinidan ilhomlanganman”, degan Shomurodov.
Futbolchi Italiya muhitiga moslashib ketganini, unga jamoadoshlari yordam berganini aytib o‘tgan.
“Hozir faqat “Jenoa” haqida o‘ylayapman, har bir o‘yindan keyin qanday o‘ynaganimni tahlil qilyapman. Bosh murabbiy Ballardini haq – o‘ziga qaratilgan maqtovlar haqida o‘ylamagan yaxshi. Italiyada o‘zimni qanday his qilyapman? Allaqachon “xayrli tong”, xayrli kech” va “ko‘rishguncha” deyishni bilaman. Moslashish juda qiyin bo‘ldi deyolmayman. Menga jamoadoshlarim birinchi kundan yordam berishdi. Italiyada men mamlakatim yoshlari uchun namuna bo‘lmoqchiman”, degan Shomurodov.
Eslatib o‘tamiz, Shomurodov 2020 yil kuzida “Rostov”dan “Jenoa”ga o‘tdi. Hozirgacha futbolchi italyan klubida 12 ta o‘yinda maydonga tushib, 2 ta gol urdi va 2 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Avvalroq, Italiya chempionati peshqadami “Yuventus” Shomurodovga qiziqish bildirgani haqida xabarlar tarqalgandi.
LiveBarchasi